Loyiha turi 08.09.2021 85

Innovatsion rivojlanish vazirligi yosh olimlarni stajirovkalarga yuborish maqsadida navbatdagi tanlovni eʼlon qiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 1-apreldagi PQ-5047-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq dorivor oʻsimliklarni muayyan tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda madaniy holda ilmiy asosda yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalarini oʻrganish, dorivor oʻsimliklarni tayyorlash va qayta ishlash sohasiga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish, chet el florasiga mansub boʻlgan dorivor oʻsimliklar turlarini iqlimlashtirish, nav namunalarini sinovdan oʻtkazish va tanlash boʻyicha ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan tanlov eʼlon qiladi. Shu munosabat bilan, 2021-yilning 8-oktyabr sanasiga qadar ilmiy stajirovka oʻtashga tavsiya qilinuvchi nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumot (hujjat)larni 1- va 2-ilovalarga muvofiq taqdim etishingiz soʻraladi. Nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumot (hujjat)lar oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari (keyingi oʻrinlarda - buyurtmachilar) tomonidan mazkur Nizom talablariga muvofiq rasmiylashtirilgan holda Vazirliklikning info@mininnovation.uz elektron manziliga yuboriladi. Shuningdek, mazkur Nizomning 5-bandiga asosan stajirovka oʻtashga tavsiya etilayotgan nomzodlarni mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat oʻtkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilim darajasi va koʻnikmalarini aniqlash yuzasidan dastlabki saralash tanlovini oʻtkazish bevosita buyurtmachilar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Nomzodlarga qoʻyiladigan talablar: stajirovka oʻtashga mutaxassislik fani va xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan darajada biladigan, yoshi 20 dan 40 gacha boʻlgan nomzodlar yuboriladi; nomzodlar bir yil davomida ikki marotaba yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar) stajirovka oʻtashga gʻolib sifatida maʼqullanishi mumkin emas; tanlovlarda gʻolib deb topilgan nomzodlar stajirovka oʻtab kelgandan hamda mazkur stajirovka boʻyicha hisobot taqdim etgandan soʻng navbatdagi kalendar yilidagi eʼlon qilingan tanlovlarga nomzod sifatida tavsiya etilishi mumkin. Saralash tanlovlarni oʻtkazish tartibi: saralash tanlovlar ikki bosqichda koʻrib chiqiladi. Bunda, quyidagilar: birinchi bosqichda kiritilgan maʼlumot (hujjat)lar ushbu Nizomning 11-bandiga mos ravishda toʻliq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligi koʻrib chiqiladi; ikkinchi bosqichda nomzodlar oʻz stajirovka dasturlarini chet tilida taqdimot (prezentatsiya) koʻrinishida himoyasini oʻtkazadilar. Saralash tanlovlar davrida taqdimot himoyasida ishtirok etmagan (kelmagan) nomzodlarning hujjatlari maxsus ekspert guruhining qaroriga asosan rad etilishi mumkin. Taqdimot himoyasida nomzodlar tanlangan tadqiqot ishini qisqa, loʻnda va asoslangan holda ochib berishi hamda puxta tayyorgarlik koʻrgan holda ishtirok etishlari talab etiladi. Bunda Maxsus ekspert guruhi taqdimot natijalariga asosan yakuniy xulosa tayyorlashda quyidagi mezonlarga amal qiladi: xorijiy tillarni oʻzining ish faoliyatini amalga oshirishda zarur boʻlgan darajada bilishi va qoʻllay olishi - 30 ballgacha; stajirovka maqsad va vazifalarining dolzarbligi hamda ilmiy yoki iqtisodiy samaradorligi - 40 ballgacha; stajirovkaning oliy taʼlim va/yoki ilmiy tashkilotning yoʻnalishlari, ehtiyojlari va talablariga mosligi - 30 ballgacha. Taqdimot natijalariga asosan kamida 60 ball toʻplagan nomzodlar Maxsus ekspert guruhi qarori bilan gʻolib deb topiladi. Qoʻshimcha maʼlumotlar olish uchun: Ilmiy stajirovkalarni va laboratoriya asbob-uskunalari xaridini tashkil etish boʻlimi boshligʻi S. Taxirov, tel.: (90) 989 24 05, elektron manzil: s.takhirov@minninovation.uz hamda yetakchi mutaxassisi S. Sultonov, telefon (94) 420 68 70 elektron manzil: s.sultanov@mininnovation.uz.