Loyiha turi 26.08.2021 68

Qashqadaryo viloyatida startap loyihalar tanlovi

Qashqadaryo viloyatida startap loyihalar tanlovi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Qashqadaryo viloyatida Startap loyihalari tanlovini e’lon qiladi.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan “Startap loyihalarni tasdiqlash, moliyalashtirish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Startap loyihalarni qabul qilishda qo‘yiladigan shartlar:

  • Tanlovda faqat Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirok etishi mumkin;
  • 1 ta ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi talab etiladi;
  • Topshiriladigan staptap loyihalar 1 mlrd so‘m miqdoridan oshmasligi lozim;
  • Startap loyihalar asosida dasturiy mahsulot, xizmatlar va ijtimoiy mahsulotlar yaratishning eng ko‘p muddati 2 yildan oshmasligi kerak;
  • Startap loyiha tashabbuskori – startap loyiha asoschilaridan bo‘lishi (kompaniya bo‘lgan taqdirda asosiy ulushdorlardan bo‘lishi) shart;

Startap loyihalari tanlovini o‘tkazish shartlari:

  • Tanlov ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamdagi innovatsion biznes-loyihalarni yaratish va amalga oshirishga qaratilgan arizalarni qabul qilinadi. Ular innovatsiyalar va texnologiyalarga asoslanishi shart.
  • Arizalarni yuridik va jismoniy shaxslar taqdim etishi mumkin.
  • Loyihani amalga oshirish chog‘ida olinadigan texnologiyalar, xizmatlar
    va mahsulotlar qo‘llaniladigan sohalar quyidagilar bo‘lishi afzal:
    • Qishloq xo‘jaligi;
    • Tibbiyot va biotexnologiyalar;
    • Farmasevtika;
    • Energetika;
    • IT-texnologiyalar;
    • Geologiya va geofizika;
    • Fizika va kimyo;
    • To‘qimachilik va yengil sanoat;
    • Neft-gaz sohasi hamda kimyo sohasidagi texnologiyalar va materiallar;
    • Tog‘-metallurgiya sohasidagi texnologiyalar;
    • Oziq-ovqat sanoati;
    • Ijtimoiy texnologiyalar (ekologiya, sport, ta’lim va b.);

Loyihaga baho berishda quyidagilar hisobga olinadi:

  • Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk ob’ekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmatni yaratishni ko‘zda tutadi;
  • Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
  • Muhofaza qiluvchi hujjatlar mavjudligi – patent yoki patentga ariza, va/yoki ilmiy-texnik hujjatlarning to‘liq komplekti, va/yoki ko‘zda tutiladigan mahsulot (texnologiya)ning texnik reglamenti, sinov dalolatnomalari, mahsulot namunasining mavjudligi;
  • Loyihaning mutaxassislar bilan ta’minlanish, ilmiy-texnik va ishlab chiqarish imkoniyatlari – jamoaning malakali mutaxassislardan shakllantirilganligi, kerakli asbob-uskunalar va ilmiy ob’ektlar infratuzilmalarining mavjudligi;
  • Loyihaning investitsion jozibadorligi bu – qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollarga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o‘zini-o‘zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
  • Loyihaning o‘zini-o‘zi qoplashi (muddat);
  • Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyihaning moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;
  • Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va hokazo;
  • Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish;
  • Ekspertlar tomonidan 50 balldan past baholangan loyihalar tanlov saralashidan o‘tmagan deb hisoblanadi va moliyalashtirilmaydi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov g‘oliblari borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar  faqat startup@mininnovation elektron pochtasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf shakli elektron pochtaga yuborilishi lozim:

  • Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza (.pdf);
  • Startap loyiha pasporti (.pdf);
  • Xarajatlar smetasi (.xls/xlsx);
  • Startap loyiha biznes rejasi (imzo va muhr qo‘yilgan holda, .pdf va .doc/.docx);
  • Startap loyiha taqdimoti (10 slayd .ppt/pptx) va video (1-5 daqiqa) shaklida loyiha mazmuni to‘liq yoritilganligi;

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

  • Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi!

Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

  • Startap loyiha mazmunan innovatsion hususiyatga ega emasligi;
  • Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmagan bo‘lishi;
  • Startap loyihada taqdim etilgan muammoning yechimi mavjud emasligi;
  • Tanlovda taqdim etilgan startap loyihalar avvalgi tanlovlarda g‘olib bo‘lmagan;
  • Oylik ish haqi loyiha qiymatining umumiy miqdoridan beshdan bir qismidan ortiq bo‘lsa (IT-dastur ishlab chiqish loyihalari bundan mustasno);
  • Startap loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘ni binolarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlarsh-qurilish ishlariga, shuningdek avtotransport vositalarini sotib olishga qaratilgan bo‘lishi.

Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlov natijalari bo‘yicha barcha yangiliklar bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi (www.mininnovation.uz) hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi  (www.qashqadaryo.uz) saytlari orqali tanishish mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari telefon raqamlari:

Abduazizov Laziz: +998 (97) 310-12-23

Ergashev Zoxid: +998 (97) 279-99-02

Abdullaev Dilshod: +998 (90) 867-00-08