Tadbir 26.03.2021

“Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi: yangilanayotgan Oʻzbekiston va ilm-fan taraqqiyoti» mavzusida seminar oʻtkazildi

26-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijro etilishi holatini oʻrganish boʻyicha seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbirda deputatlar, ekspertlar, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy attestatsiya komissiyasi va ommaviy axborot vosita vakillari, shuningdek masofadan OTM rahbarlari ishtirok etishdi.

Seminarni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi Erkin Zohidov olib bordilar. Innovatsion rivojlanish vaziri Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar va istiqbolli rejalar haqida gapirarkan, Ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, ilmiy loyihalarning moliyalashtirilishini va natijadorligini oshirish maqsadida davlat buyurtmasi asosida tijoratlashtirish imkoniyati yuqori, aniq natija yoki mahsulotga yoʻnaltirilgan loyihalarning tanlovlari muntazam oʻtkazilayotganini, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy, innovatsion va tajriba konstruktorlik ishlarini moliyalashtirishga Davlat byudjetidan 2020-yilda esa 428,2 mlrd. soʻm ajratilganini. xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida Germaniya, Rossiya, Turkiya va Belarus Respublikalari bilan jami 17,4 mlrd. soʻmlik 44 ta qoʻshma ilmiy loyiha moliyalashtirilgani haqida gapirdi.

Bundan tashqari, vazirlik Jamgʻarmasi tomonidan 2018-2020-yillar davomida 325,2 mlrd. soʻm mablagʻlarni innovatsion va ilmiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlashga, ilmiy laboratoriyalar tashkil etishga, xalqaro elektron ilmiy maʼlumotlar bazalaridan foydalanish maqolalar chop etishga, yosh olimlarni stajirovkalarga yuborishga, xorijiy maslahatchilarni ish haqlariga, noyob asarlarni xarid qilishga, startap loyihalarni moliyalashtirishga, vazirlik xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga va tizim tashkilotlarini moliyalashtirishga, xorijiy safarlarga va boshqa xarajatlarga yoʻnaltirildi.

Seminar ishtirokchilari “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ijro etilishi holatini atroflicha muhokama etib, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, plagiatga yoʻl qoʻymaslik, tanlovlarning shaffofligini taʼminlash, taʼlim muassasalarida matematika, kimyo-biologiya, fizika, chet tillari fanlarini oʻqitish metodikasini qayta koʻrib chiqish, ilmiy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Tadbir davomida, nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlikni yana-da kengaytirish zarurligi boʻyicha takliflar berildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi – ilm-fan va ilmiy faoliyatni rivojlantirish orqali milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligiga hamda samaradorligiga erishish, davlat ilmiy dasturlarini ishlab chiqish, asoslantirilgan tashabbus va loyihalarni qoʻllab-quvvatlash, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida davlat-xususiy sheriklikni qoʻllab-quvvatlash borasidagi qilingan ishlar holatini oʻrganishga eʼtibor qaratildi.

Bildirib oʻtilgan taklif va tavsiyalar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan umumlashtirilgan holda qonun hujjatlarini takomillashtirish va zarur hollarda tegishli idora va tashkilotlarga hal etish uchun yuborish va mazkur jarayon ustidan parlament nazoratini olib borilishi haqida yigʻilganlarga maʼlum qilindi.

  •