Yangilik 14.10.2021 325

Rossiyalik olimlar bilan fundamental tadqiqotlar ko‘lami kengaytiriladi

Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi joriy yilning 13 oktyabr kuni Moskva shahridagi Rossiya fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi kengashi raisi, «Kurchatov instituti» Milliy tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti, akademik Vladislav Panchenko va jamg‘arma rahbariyati bilan uchrashdi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston-Rossiya” xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi doirasida hamkorlikda fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan joriy etilgan yangi mexanizm – Scopus xalqaro maʼlumotlar bazasidagi Xirsh indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan rossiyalik olimlarning hamrahbarligida qo‘shma fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish lozimligi qayd etildi. Bu o‘z navbatida respublikamizda nufuzli yangi ilmiy maktablar va yangi ilmiy yo‘nalishlarning rivojlanishiga xizmat qiladi.

«Kurchatov instituti» Milliy tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti akademik Vladislav Panchenko bilan genetika, genomika, mikrobiologiya hamda yadro tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda amalga oshirish, ushbu sohalarga oid ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalarni respublikamizda vinochilikni rivojlantirish, lazer texnologiyalari va yadroviy tibbiyotni rivojlantirishga joriy etishning amaliy mexanizmlari muhokama etildi va hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Shuningdek, Rossiya fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi bazasida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Ilmiy texnika axboroti markazi masʼul xodimlarining ilmiy loyihalar ekspertizasini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish bo‘yicha stajirovkasini tashkil etilishi belgilandi.