Yangilik 22.10.2021 174

Sifatli taʼlim – inson kapitaliga sarmoya

22-oktyabr kuni Xalqaro media xolda “Sifatli taʼlim – inson kapitaliga sarmoya” mavzusidagi munozara boʻlib oʻtdi. Davra suhbati shaklida tashkil etilgan mazkur tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Maktabgacha taʼlim vaziri Aggripina Shin, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Usmon Sharifxoʻjayev, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev, Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova ishtirok etdi.


Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov, soʻnggi yillarda taʼlim va ilm-fan sohasida amalga oshirilgan islohotlar haqida gapirarkan, olimlar, yosh olimlar uchun grant mablagʻlari hajmining bir necha baravarga oshgani, ilmiy-tadqiqot muassasalarining laboratoriya uskunalari bilan jihozlanishiga katta eʼtibor berilayotgani, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun kvota oʻtgan yilga nisbatan ikki barobarga oshirilganini qayd etdi.

Bundan tashqari, 2019-2020-yillar davomida da 80 ta oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning 231 nafar yosh olimlarini 21 ta xorijiy davlatlarga (AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Koreya, Xitoy va boshqalar) ilmiy stajirovkalarga yuborildi. Joriy yilning 9 oyi davomida 21 ta oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning37 nafar yosh olimlarini 6 ta xorijiy davlatlarga 1,9 mlrd. soʻm mablagʻ hisobiga (AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Belarusiya, Latviya va Turkiya) ilmiy stajirovkalarga yuborildi.


Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun 2022-yilda jami 4100 ta (bu 2021-yilga nisbatan 2 barobarga ortgan) kvota ajratilgan taʼlim tizimi uchun esa jami 2 276 ta, shundan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga 2 247 ta, Xalq taʼlim vazirligiga 14 ta, Maktabgacha taʼlim vazirligiga 15 ta kvota ajratildi.


Ilmiy va taʼlim tashkilotlarida ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlar yetishmovchiligining oldini olish hamda yangi ochilgan OTVlarning ilmiy salohiyatini oshirish uchun 2021-yilda maqsadli doktoranturaga qabul yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda 298 ta shundan, taʼlim tizimi uchun 266 ta (DSc - 12 ta, PhD - 254 ta) kvota ajratilgan boʻlib, bu jami maqsadli doktoranturaga ajratilgan kvotaning 89,2 foizini tashkil etadi.

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida stajyor-tadqiqotchilik tashkil etildi. Stajyor-tadqiqotchilik instituti oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutiga tayyorgarlik bosqichi hisoblanadi. 2022-yil uchun stajyor-tadqiqotchilikka 500 ta, shundan, taʼlim yoʻnalishidagi vazirliklar huzuridagi taʼlim va ilmiy tashkilotlari uchun 318 ta kvota ajratilgan boʻlib, bu jami maqsadli doktoranturaga ajratilgan kvotaning 63,6 foizini tashkil etadi.


Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasa va filiallari rahbarlarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor va direktor oʻrinbosarlari faoliyati oʻrganildi. Rahbar oʻrinbosarlari faoliyatining oʻrganish 2 bosqichda test va suhbat asosida tashkil etilgan boʻlib, 104 ta oliy taʼlim muassasasidan jami 85 nafar rahbar oʻrinbosarlari faoliyati oʻrganildi. Oʻrganish natijalariga koʻra oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyati baholanadi hamda reytingi aniqlanadi. Oliy taʼlim muassasalarining ilmiy va innovatsion faoliyatini baholash boʻyicha oʻtkazilgan attestatsiya jarayonida yuqori ball olgan 10 nafar rahbar oʻrinbosarlari “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.


Shuningdek, yil oxirigacha 30 nafar rahbar oʻrinbosarlari Rossiya Federatsiyasining Qozon shahriga 2 haftaga malaka oshirishga yuborilishi rejalashtirilgan.
Tadbir soʻngida davra suhbati ishtirokchilari OAV vakillarining savollariga javob berdilar.

 

Manba: https://mininnovation.uz/oz/news/3587