Yangilik 18.11.2021 430

“Rossiya-Oʻzbekiston taʼlim forumi”da Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari taqdimot qildi

Moskva shahrida “Rossiya-Oʻzbekiston taʼlim forumi” oʻtkazildi. Forumda Oʻzbekiston va Rossiya tomonidan 100 nafarga yaqin taʼlim va ilm fan-sohasi uchun masʼul vazirlik va idoralar vakillari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari qatorida Innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Shahlo Turdiqulova ham ishtirok etdi.

Vazir oʻrinbosari M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida boʻlib oʻtgan mazkur tadbirda maʼruza qilib, Oʻzbekistondagi ilm-fan va innovatsion faoliyatga qaratilayotgan eʼtibor haqida taqdimot oʻtkazdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi mexanizmi joriy etilgani, dolzarb tematik mavzular boʻyicha muntazam ravishda tanlovlarni eʼlon qilib borish amaliyoti tatbiq etilayotgani haqida gapirdi. Grant tizimi moliyalashtirilayotgan loyihalarning raqobatbardoshligiga, sifati va koʻlamiga ijobiy taʼsir etayotganini taʼkidladi.

Taʼkidlash joizki, 2019-2020-yilgi Oʻzbekiston-Rossiya ilmiy-texnik hamkorlik dasturi doirasida 17 ta umumiy qiymati 3,5 mlrd. soʻm boʻlgan qoʻshma ilmiy-texnik loyihalar amalga oshirildi va qator muhim ilmiy natijalar olindi. Bundan tashqari, vazirlik tomonidan moliyalashtirilayogan 13 ta fundamental loyihalarning hamrahbarlari rossiyalik olimlardir.

N. Turdiqulova ilm-fan va innovatsion faoliyat sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, bor imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish zarurligini qayd etib, qoʻshma loyihalar soni va koʻlamini kengaytirish, yosh olimlar uchun stajirovkalarni tashkil qilish, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish hamkorlikda ilmiy tadbirlarni oʻtkazish, birgalikda yuqori malakali ilmiy va muhandis-texnik mutaxassislarni tayyorlashni yoʻlga qoʻyish masalalarini ilgari surdi.