Yangilik 11.01.2022 176

Quyosh kogeneratsion avtonom fotoelektrik stansiyasi

“Quyosh kogeneratsion avtonom fotoelektrik stansiyasi” (QKAFES) loyihasi markazlashgan energiya taʼminoti tarmogʻidan uzoqda joylashgan aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun elektr energiyasi va issiq suvga boʻlgan maishiy va xoʻjalik ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi. Bunday qurilmalar aholiga, fermerlar va boshqa koʻpgina foydalanuvchi tashkilotlar, muassasalar xodimlariga kundalik faoliyatlarida, turmushda, ish sharoitlarini yaxshilashda qulayliklar yaratish, shuningdek aholi sogʻlom turmush tarzini shaklantirishda muhim oʻrin tutadi. Ushbu loyiha koʻzda tutilgan masalalarni yechish iqtisodiy jihatdan energetika sohasidagi byudjet mablagʻlarining tejalishida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida, “yashil energetika” infratuzilmalarini yaratish borasida muhim va dolzarb ahamiyatga ega.

QKAFES quyesh energiyasidan elektr energiyasi, issiq suv va isitish tizimi uchun issiqlik energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega boʻlgan yangi turdagi tizimlar majmuasi hisoblanadi. Bu turdagi kogeneratsion qurilmalarni keng koʻlamda amaliyotga joriy qilinishi dunyo va respublika miqyosida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.

– Hozirgi vaqtda ToshDTU AEM kafedrasi va Fizika-texnika instituti olimlari tomonidan bunday qurilmalarning laboratoriya va tajriba modellari uchun patentlar olingan, ammo sanoat miqyosida ishlab chiqarilmagan, – deydi loyiha rahbari Isroil Yoʻldoshev. – Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan mazkur loyiha moliyalashtirilgan taqdirda mahsulotni ishlab chiqarish uchun dastgohlar, uskunalar, xom-ashyo va materiallar hamda boshqa keraklik butlovchi xarid qilishni rejalashtirganmiz.

Quyosh kogeneratsion avtonom fotoelektrik stansiyalar yangi turdagi ilmiy ishlanmalarga asoslangan boʻlib, fotoelektrik qurilmalar va quyosh kollektorlariga hamda ularning gibrid qurilmalariga raqobatbardosh hisoblanadi. Aynan, qulayliklari va samaradorligi, qiymati va boshqa jihatlari boʻyicha qator ustunliklarga ega. Marketing tahlillari natijasida bunday innovatsion mahsulotga talablar mavjudligi oʻrganildi. Birinchi navbatda respublikamizning markazlashgan energiya tarmogʻidan uzoqda joylashgan hududlaridagi fermerlar va boshqa turdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar, qishloq aholisining elektr va issiq suv, issiqlik energiyasi taʼminoti uchun ushbu mahsulotga talablari va ehtiyojlari mavjud.

 

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-146