Yangilik 31.01.2022 261

Paxtani qoʻlda terishga qachon chek qoʻyiladi?

Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari, texnika fanlari doktori, professor Muhammad Toshboltayev 1947-yilning 18-fevralida Fargʻona viloyatining Rishton tumanida tugʻilgan. 1971-yilda sobiq Toshkent politexnika institutini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Qator monografiya, kitob, risola, ilmiy maqolalar muallifi, koʻplab patentlar egasi.

Qishloq xoʻjaligi mashinalari fani va amaliyotida erishgan yutuqlari uchun 2007-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” va 2017-yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan mukofotlangan. 2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoni berilgan.

75 yoshlik olim bilan suhbatimiz uning 48 yillik ilmiy ijodi toʻgʻrisida va oʻzbekni necha oʻn yillklar davomida qiynab kelayotgan masala – paxta terim mashinalarining dalalarida qoʻl mexnatini oʻrnini egallashi haqida boʻldi.

– Domla, 80 ga yaqin monografiya, kitob va risolalar, 500 dan ziyod ta ilmiy maqola va tezislar, deyarli 50 ta ilmiy-ommabop maqolalar va oʻquv qoʻllanmalar muallifisiz, 73 ta mualliflik guvohnomalari va patentlaringiz bor. Ilmiy mahsuldorlik deganda aynan shuni nazarda tutilsa kerak-da?

– Ilmiy mahsuldorlik bu – olim mehnatining natijadorlik darajasi, mezoni. Natija esa bu ilmiy asoslangan qonuniyatlar, bogʻlanishlar, tavsiyalar, yangi nav, texnika, texnologiya, bir soʻz bilan aytganda fundamental, amaliy yoki innovatsion xarakterdagi ilmiy hajmdor mahsulotdir. Ilmiy tadqiqot ishlari orqali muayyan bir muammoni hal qilib, natijalar olingandan keyin ularni biron bir tarzda jamoatchilikka yetkazish, yaʼni talqin qilish ehtiyoji paydo boʻladi. Olim ana shu ehtiyojni qoplash uchun ilmiy asar yozadi. Ammo yozishdan oldin uni mutolaa qiladigan oʻquvchining bilimi, tayyorgarligi va saviyasi turlicha ekanligini unutmasligi kerak. Shu bois nafaqat sof nazariy, balki ilmiy-ommabop va qoʻllanma shakllaridagi asarlarni yozish ham maqsadga muvofiqdir. Masalan, muayyan ilmiy mavzu yoki muammo chuqur tadqiq etilgan monografiya fundamental bilimlarni boyitsa, ilmiy-ommabop kitob yoki maqola murakkab muammolarni sodda til bilan tushuntirishga xizmat qiladi. Magistrlar, yosh olimlar ulardan qiynalmasdan foydalanadi.

– Tadqiqotlaringiz esa qishloq xoʻjaligiga taalluqli, shundaymi?

– Juda toʻgʻri. Chop etilgan 417 ta ilmiy maqolaning 34 foizi yoki 140 tasi, olingan 73 ta patentning 81 foizi yoki 59 tasi eng murakkab, eng qiziqarli texnika vositasi sanalmish paxta terish mashinasi ustida oʻtkazgan tadqiqotlarimizga taalluqli. Gʻoʻza tuplarining bosh poyasi va yon shoxlarining uchlarini chilpib, xipcha shaklga keltiruvchi mashina boʻyicha 39 ta kitob va maqola yozilgan, 3 ta ixtiroga patent olingan. 13 kitob, 181 maqola qishloq xoʻjaligi mashinalarini taʼmirlash va samarali ishlatish masalalariga bagʻishlangan.

– Yurtimizning mexanik olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarda paxta terish mashinalarining ulushi boshqa texnika vositalarinikiga qaraganda ancha katta. Buning sabablarini aytsangiz.

– Eng birinchi sababi – unga yakunlovchi vazifa – daladagi paxta hosilini terib olish yuklanganidir. Terganda ham hosilni yerga toʻkmay, qor-yomgʻirga qoldirmay, yanada muhimi – tola sifatiga putur yetkazmasdan terib olishdir. Bu vazifa aytishgagina oson, xolos. Chunki toʻkilgan paxta shundayligicha yerda qolib ketadi, yogʻingarchilikda mashina dalaga kiraolmaydi, tola shikastlansa pishiq ip chiqmaydi. Ikkinchisi – mashinaning gʻaroyibligida: tup koʻtargichlar engashgan gʻoʻza tuplarini apparat ish tirqishiga tikallatib yoʻnaltiradi, shpindellar chanoqlardagi pishgan paxta pallalarini tortib oladi, sirtiga oʻraydi, ajratkich choʻtkalari ularni yechib olib, qabul kamerasiga uzatadi, paxta havo oqimi yordamida bunkerga tushadi, bunker toʻlganda paxtani tirkamaga agʻdarib beradi. Uchinchi sababi – paxta terish mashinasi konstruksiyasining oʻta murakkabligi, traktor, terim apparati, pnevmotransport, bunker kabi agregatlar, shpindelli va ajratkich barabanlari, ventilyator singari uzellar va yuzlab alohida detallardan iboratligi va ularning har biriga muhimligi jihatidan bir-biridan qolishmaydigan funksiyalarni yuklatilganidadir. Toʻrtinchisi – paxta terish mashinasi yirik ilmiy hajmdor obyekt sifatida Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlarida, yaʼni dunyoning ikki mamlakatidagina tadqiq etiladi, yangi namunalari loyihalanadi, yasaladi va davlat sinovlaridan oʻtkaziladi.

Bunday vazifalarni bajarish va aytilgan sabablar zaminda yotuvchi muammolarni ham qilish uchun fundamental, amaliy, innovatsion, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarni oʻz ichiga oluvchi kompleks tadqiqotlar bajarilgan va hozirda ham bajarilmoqda. Ularning natijalari bilan kitoblar, maqolalar yozilmasa informatsion boʻshliq yuzaga keladi – olimlar, konstruktorlar va mashinasozlar bir-birlarining ishlaridan bexabar qoladi, demak-ki, yangi mashina ham yaratilmaydi. Bizning maqolalarimiz va ixtirolarimiz shunday boʻshliqni toʻldiradi, “fan–loyiha–yangi texnika” tizimini uzluksizligini taʼminlaydi.

– Paxta terish mashinasining yaratilish tarixi, uning afzalliklari va kamchiliklari haqida gaplashsak.

Paxta terish mashinasining asosiy ishchi organi – shpindellarni yerga nisbatan joylashish holatiga qarab gorizontal shpindelli va vertikal shpindelli degan ikki turga boʻlinadi. Birinchi turdagisi AQSHda, ikkinchisi Oʻzbekistonda ishlab chiqariladi. Paxta terish mashinasiga birinchi patent 1850-yilda berilganiga qaramasdan, uning dastlabki tajriba nusxalarini yasash va sinash ishlari 1929-1939-yillarga toʻgʻri keladi. 1949-yildan bir qatorli vertikal-shpindelli mashina SXM-48, 1955-yildan ikki qatorli gorizontal-shpindelli mashina SXS-1,2 sanoat usulida chiqarila boshlangan.

Hozirda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklarida yetishtirilgan hosil oʻzimizning MX-1,8 rusumli hamda “Keys” va “JonDir” kabi xorijiy firmalarning turli rusumdagi mashinalari yordamida terib olinmoqda.

MX-1,8 ning afzalligi: gʻoʻza tuplaridan faqat pishgan paxtani terib oladi; konstruksiyasi rostlash va taʼmirlashga qulay; terim mavsumi yakunlanganday keyin traktorni ajratib olish va 11 oy davomida foydalanish imkoniyati bor; kamchiligi: chanoqlardagi paxta pallalari ishchi kamerada oltita shpindel bilan ilib olinishi sababli terim toʻliqligi dala sharoitida 80-85 foizdan oshmaydi, yaʼni, masalan, gʻoʻza tuplaridagi 100 kilo hosildan 80-85 kilosigina bunkerga tushadi; 15-20 foiz paxta yerga toʻkiladi va tuplarda qolib ketadi.

“Keys”, “JonDir”ning afzalligi: tuplardagi hosilning 90-92 foizini terib oladi; kamchiligi: shpindellari konussimon boʻlgani va gʻoʻza shoxlarining ichiga kirib aylanishi tufayli koʻsaklardagi xom paxtani ham sugʻirib oladi; mashinani rostlash, taʼmirlash va unga xizmat koʻrsatish qiyin va qimmat; bir yilda bor-yoʻgʻi 30 kun ishlaydi, xolos.

Koʻryapmizki, paxta terish mashinasining ishini terim apparati belgilaydi, qolgan qismlar unga xizmat qiladi.

– Siz sanab oʻtgan kamchiliklardan xoli, paxtani koʻp teradigan terim apparati bormi?

– Bor, u paxta koʻsaklariga intensiv ishlov beruvchi (KIIB) apparat deyiladi. Akademik Glushchenkoning ilmiy maktabida ixtiro maqomida yaratilgan. Agar amaldagi apparatda paxta koʻsaklariga ikki karra ishlov berilsa, KIIB apparatida ishlov soni besh karradir; ishchi shpindellar – barmoqli qoʻllar soni 6 ta oʻrniga 13 ta. Shu bois bizning apparat intensiv deyiladi.

KIIB apparatining bu xususiyati Oʻzbekiston, Turkmaniston va Tojikiston mashina sinash stansiyalari tomonidan oʻtkazilgan koʻp yillik davlat sinovlarida oʻz isbotini topgan: terim toʻliqligi oʻrtacha 93 foizni tashkil etgan.

– Endi koʻndalang savol: paxtani qoʻlda terishdek mashaqqatli ishga qachon chek qoʻyiladi?

– Mening loʻnda javobim: KIIB apparatini mashinasozlik korxonalarida seriyali, yaʼni koʻplab ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklariga yetkazib berilganda. Bu javobni sizning savolingizdan qutilish uchun oʻylab topganim yoʻq. Uning tagida mustahkam, ishonchli asos bor: sobiq “Oʻzbekiston besh yilligi” davlat xoʻjaligining 3-boʻlimida yetishtirilgan paxta hosili besh mavsum davomida KIIB apparatlari bilan jihozlangan 16 ta ikki qatorli mashina yordamida terib olingan. Hasharchi, terimchisiz rejalar bir oyga qolmasdan birinchilar qatorida bajarilgan. Bitta mashinaning oʻrtacha mavsumiy ish unumi 122 tonnaga yetgan. Bu bitta mashina bir oyning har kunida oʻrtacha 50 kilo paxta teradigan 82 nafar ayolning oʻrnini bosadi, deganidir.

2020-2021-yillarda Innovatsiya vazirligi tomonidan KIIB apparatining sanoat namunalarini yasash, ularni davlat sinovlaridan oʻtkazish va tijoratlashtirishga tayyorlash maqsadida ikkita innovatsion grant loyihalari berildi. Bu loyihalar doirasida KIIB apparatining toʻrtta sanoat nusxasi “Texnolog” aksiyadorlik jamiyatida yasaldi va Quyichirchiq tumanidagi “TST Agroklaster” dalalarida sinovlardan oʻtdi. Bunday apparatlar bilan jihozlangan MX-1,8 rusumli paxta terish mashinalari gʻoʻza tuplaridan terib olingan 95-97 foizini bunkerga joyladi.

“Texnolog” AJ rahbarlari va mutaxassislari KIIB apparatining samarasini dalada oʻz koʻzlari bilan koʻrib, uni tijoratlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

– Gʻoʻza tuplarida qolgan 3-5 foiz hosilni ham terib olsa boʻladimi?

– Boʻladi, albatta. Buning uchun iyuning oxiri va iyulning boshlarida yuqorida aytganim – gʻoʻza tuplariga shakl beradigan CHXU-4 mashinasini qoʻllash lozim. Bu mashina gʻoʻza tuplarini mashina terimiga tayyorlaydi va hamma koʻk koʻsaklarni toʻla ochilishini taʼminlaydi. Chunki bosh poyalar va yon shoxlarning uchlari baravariga chilpib olinsa tuproqdan va barglardan keladigan oziqa moddalari oʻsimlikni oʻsishiga emas, hosil toʻplashiga sarflanadi: boʻliq koʻsaklar soni va massasi oshadi, gʻoʻza defoliatsiyasidan keyin koʻk barglarning toʻkilishi tezlashadi, koʻsaklar toʻla ochiladi, tuplarning yotib qolish darajasi pasayadi, gektariga hosildorlik oshadi. Gʻoʻza tuplari balandligi va eni boʻyicha xipcha shaklga keladi, terim apparati ichiga egilmasdan kiradi, koʻsaklaridagi paxtalar shpindellar yordamida toʻla terib olinadi. Bu oʻsha siz aytgan, tuplarda qolgan 3-5 foiz hosilning oʻzginasidir.

– Yangi mashinalarni yaratishning oʻzi bilan ish bitmaydi. Ularni samarali ishlatishda ham gap koʻp. Shunday emasmi?

– Har qanday qishloq xoʻjalik mashinasi ish boshlanishidan oldin tuproq yoki ekin holatiga qarab rostlanadi, agrotexnika talablari asosida dalada ishlatiladi, buzilsa tuzatiladi. Bu yumushlarni bajarishning tartib va qoidalari bor. Masalan, paxta terish mashinasi gʻoʻzaning holati, koʻsaklarning ochilish darajasiga qarab sozlanmasa yerga koʻp paxta toʻkiladi. Mashinaning tezligi, apparatning texnologik parametrlari notoʻgʻri tanlansa koʻsaklar ham, tola ham shikastlanadi. Mashina buzilib dalada koʻp toʻxtab tursa ish unumi pasayib ketadi. Taʼmirlash ustaxonasi boʻlmasa yanada yomon – mashinaning ish qobiliyatini qayta tiklab boʻlmaydi. Shularni hisobga olib bu masalalarning yechimiga qaratilgan kompleks tadqiqotlarni uzluksiz olib boramiz.

– Ilmda yuqori mahsuldorlikka erishish uchun yosh olimlar qanday yoʻl tutishlari kerak?

– Bu haqda koʻp va xoʻp yozilgan. Bulardan eng ibratlisi menimcha, hanafiya mazhabi asoschisi Abu Hanifani shogirdlariga qoldirgan vasiyatidir: “Ilm istagan kishilar uchun sustkashlik, dangasalik va loqaydlik ofatdir”. Biz, ilm ahli ana shu ofatlarga chalinmasak boʻldi. Bilimdonlik, ilmdonlik va mahsuldorlikka erishaveramiz.

Innovatsion rivojlanish vazirligi

matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova

suhbatlashdi.

 

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-346