Yangilik 15.07.2022 348

O‘zbekistonda “aqlli” svetoforlar ishlab chiqarilmoqda

“Aqlli” svetoforlar O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Farg‘ona Politexnika instituti olimlari yomonidan yaratilgan. Shundan so‘ng ular Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 618,2 mln so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirilgan.

Hozirda ular Farg‘ona viloyatidagi “Oltiariq Innovatsiya” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilmoqda.

“Aqlli” svetoforlarning dasturi o‘zbek tilida, bu esa xaridorlar mahsulotni sozlashda qiyinchiliklarga duch kelmasligini ta’minlaydi.

Ushbu svetoforlar turli xil noqulayliklarni oldini olish maqsadida avtomatik ravishda o‘z o‘rnini o‘zgartira oladi, ya’ni tepaga ko‘tariladi va tushadi. Bu jarayonda hech qanday inson omili qatnashmaydi.

Ular quvvatli va chidamli svetodiodlar, monokristal kremniy asosidagi quyosh panellari, zanglamas metall konstruksiya va sovuqqa chidamli eletrotexnika qismlaridan tashkil topgan.

Bugungi kunda tashkilotning ishlab chiqarish quvvati oyiga 20 ta svetoforga teng. Bu ko‘rsatkich joriy yilning 3-chorak yakuniga qadar 2 barobarga oshirilishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning 8 ta viloyatida 43 ta shunday mobil svetoforlar o‘rnatilib, 850 mln so‘mlik daromadga erishildi.

Ushbu “aqlli” svetoforlar uchun Python dasturlash tili orqali intellektual tizim ham yaratilgan bo‘lib, u orqali tirbandliklarning oldini olishga erishish mumkin bo‘ladi.