Magistratura qishki qabulida xorijiy tilni bilish darajasidan qatʼi nazar sertifikati borlar hujjat topshirishi mumkin
2022/2023 oʻquv yili uchun davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga dekabr-yanvar oylaridagi tanlovda istisno tariqasida xorijiy tilni bilish darajasidan qatʼi nazar (C1 yoki B2 sertifikatidan tashqari boshqa darajadagi) sertifikatga ega talabgorlar ham ishtirok etishiga ruxsat etildi.
Muhim jihati oʻqishga qabul qilingan talabalar oʻqishi davomida talab etilganidek milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritishi lozim. Aks holda yakuniy davlat attestatsiyasiga ruxsat etilmaydi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlarga 2022-yil 20-dekabrdan 2023-yil 10-yanvarga qadar (shu kuni ham) magistr.edu.uz elektron tizimi orqali onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.
Tanlov natijalari bakalavriat diplomning oʻrtacha ballari asosida aniqlanadi.
Maʼlumot oʻrnida, Prezidentning tegishli qaroriga (https://lex.uz/docs/5426736) koʻra abituriyent filologiya yoʻnalishlari boʻyicha kamida C1, nofilologik yoʻnalishlari boʻyicha esa B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlish talabi belgilangan.