Loyiha turi 16.06.2021 104

“Oʻzbekiston-Vengriya” startap va ilmiy loyihalar tanlovi (49-tur)

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligi hamkorlikdagi barcha yoʻnalishlardagi Startap va ilmiy loyihalar tanlovini e’lon qiladi. Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan tashkilotlar Vengriya tomonidan birgalikda hamkor topishlari va loyihalarni kelishilgan holda shakllantirib, mos ravishda tanlovga ariza topshirishlari lozim. Innovatsion rivojlanish vazirligi har bir loyiha uchun 2 yil davomida 1 milliard soʻmdan oshmaydigan miqdordagi mablagʻlarni taqdim etadi. Loyihaning davomiyligi 24 oydan oshmasligi shart. Tanlovga faqat bitta ijrochi tomonidan taqdim etilgan loyihalar, shuningdek ekspertiza natijalari boʻyicha bir tomonlama yoki ikkala tomondan ham moliyalashtirish rad qilingan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi. Tanlovga taqdim etiladigan startap loyihalar ariza shakli haqida toʻliq ma’lumotlarni bu yerdan olishingiz mumkin. Hujjatlarning elektron nusxalarini 2021 yilning 30 sentyabriga qadar quyidagi elektron manzilga yuboring: startup.uz.hung@gmail.com. Talabnoma shakli oʻzbek yoki rus tilida toʻldirilishi va belgilangan muddatdan kechiktirmay yuborilishi lozim. Savollar bilan quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin: (71) 227 4317, (71) 203-32-32 Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021 yilning 30 sentyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Ilmiy loyihalar ariza shaklini bu yerdan olishingiz mumkin. Tanlovga loyihalarni taqdim etishda uni amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyaviy mablagʻlarni (5-shakl) Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi toʻgʻrisidagi nizom”ning 90-bandiga muvofiq toʻgʻri shakllantirish uchun grant.mininnovation.uz elektron platformasiga quyidagi havolada joylashtirilgan Excel- jadvaldan foydalanish tavsiya etiladi: http://grant.mininnovation.uz/site/example-docs. Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim: ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (pdf); ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (.pdf); amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, pdf va doc/docx). Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-94-296-07-70. Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi. Dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan soʻng toʻliq tijoratlashtirilishi shart. Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar. Tanlov natijalari Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.