Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Belarus Respublika Fundamental tadqiqotlar fondi hamkorlikdagi xalqaro ilmiy loyihalar tanlovini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha e’lon qiladi: Biotexnologiya Fizika Matematika va axborot texnologiyalari Texnika fanlari Kimyo Yer toʻgʻrisidagi fanlar Tibbiyot-farmatsevtika fanlari Qishloq xoʻjaligi biologiyasi Ijtimoiy va gumanitar fanlar. Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ilmiy tashkilotlar Belarus Respublikasidan birgalikda “loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkor” sifatida ilmiy loyihalarni amalga oshirishga kelishishlari va mos ravishda tanlovga ariza topshirishlari lozim. Tanlovga faqat bitta ijrochi tomonidan taqdim etilgan loyihalar, shuningdek ekspertiza natijalari boʻyicha bir tomonlama yoki ikkala tomondan ham moliyalashtirish rad qilingan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi. Tanlov shartlari. Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021 yilning 23 sentyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Loyiha shakli shu yerdan koʻchirib olinadi. Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim: ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (pdf); ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan koʻchirma (.pdf); amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda, pdf va doc/docx). Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi va soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi. Elektron roʻyxatdan hamda dastlabki texnik ekspertizadan oʻtmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi. Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar. Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash boʻyicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi. Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq texnik masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998 (90) 989-92-94