Loyiha turi 19.04.2022 126

Innovatsion infratuzilmalar miqyosida startap loyihalar tanlovi

Innovatsion infratuzilmalar miqyosida startap loyihalar tanlovi

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Startap loyihalarni qabul qilishda quyiladigan shartlar:

  • Arizalar 2022-yil 20-apreldan 2022-yil 20-maygacha qabul qilinadi;
  • 1 ta ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi;
  • Startap loyihalar asosida maket va/yoki prototip, dasturiy mahsulot, xizmatlar va ijtimoiy mahsulotlar yaratishning eng ko‘p muddati 1 yildan oshmasligi lozim;

Loyihaga baho berishda quyidagilar hisobga olinadi:

  • Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo‘llanilmagan yangi texnologiyalar va/yoki jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk ob’ekti mavjud bo‘lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat yaratishni ko‘zda tutadi;
  • Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
  • Muhofaza qiluvchi hujjatlar mavjudligi – patent yoki patentga ariza, va/yoki ilmiy-texnik hujjatlarning to‘liq komplekti, va/yoki ko‘zda tutiladigan mahsulot (texnologiya)ning texnik reglamenti, sinov dalolatnomalari, mahsulot namunasining mavjudligi;
  • Loyihaning investitsion jozibadorligi – qo‘shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag‘lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o‘zini o‘zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
  • Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy ta’minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va harajatlar smetasining asoslanganligidir;
  • Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.k.
  • Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag‘lardan samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov g‘oliblari borasidagi qarori qat’iy va qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Tanlovga arizalar tomonlar o‘rtasida kelishilgan holda, mos ravishda taqdim qilinishi shart. Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari PDF shaklida startuptechnopark@gmail.com pochtasiga yuborilishi lozim:

  • Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;
  • Startap loyiha pasporti;
  • Xarajatlar smetasi;
  • Startap loyiha biznes matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda);
  • Startap loyiha taqdimoti prezentatsiya (10 slayd) shaklida loyiha mazmuni to‘liq yoritilganligi;
  • Loyiha amalga oshiriladigan texnopark direktorining kafolat xati (imzo va muhr qo‘yilgan holda).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiat) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek, startap loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi!

Qo‘yidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

  • Startap loyiha mazmunan innovatsion hususiyatga ega emasligi;
  • Loyiha amalga oshiriladigan texnopark direktorining kafolat xati mavjud emasligi;
  • Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;
  • Startap loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘ni binolarni rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-qurilish ishlariga, shuningdek, avtotransport vositalarini xarid qilishga sarflansa.

Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari javobgar hisoblanadilar.

Startap loyihalarni elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-23 (ichki raqam: 216)