Loyiha turi 13.10.2021 116

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq bajariladigan fundamental loyihalar tanlovini e’lon qiladi (54-tur)

Tanlovning asosiy maqsadi 

Tabiat, jamiyat, inson, ong va sun’iy ravishda yaratilgan ob’ektlarning tuzilishi, faoliyati va rivojlanishining asosiy qonuniyatlarini ochishga qaratilgan yangi bilimlarni egallash; ilm-fanning muayyan sohasidagi tadqiqotlar natijalarini nazariyalar, tushunchalar, metodologiyalar, usullar, tavsiyalar shaklida qo‘llash maqsadida tadqiq etish; ilm-fan nazariyasi va metodologiyasini boyitishga, kelgusida bajariladigan amaliy tadqiqotlar hamda ularni amaliy qo‘llashga qaratilgan innovatsiya ishlari uchun asos sifatida xizmat qiladigan ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirilishini tashkil etishdan iborat. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi. Tanlov shartlari Tanlovga taqdim etiladigan fundamental tadqiqotlar loyihalari quyidagi talablarga javob berishi zarur: 1) loyiha ijrochilariga qo‘yiladigan talablar: loyiha rahbari tomonidan oxirgi uch yil mobaynida loyiha mavzusi yo‘nalishida Web of Science hamda Scopus xalqaro bazalariga kiritilgan jurnallarda kamida 1 ta ilmiy maqola chop etilgan va uning Xirsh indeksi 3 va undan yuqori bo‘lishi* (ilmiy maqolaning nusxasi ilova qilinishi lozim); loyihaga xorijiy nufuzli universitet va ilmiy markazlarda faoliyat ko‘rsatayotgan va loyiha mavzusi yo‘nalishida muhim natijalarga erishgan (ilmiy maktab yaratgan), Xirsh indeksi 5 va undan yuqori bo‘lgan yetakchi olim (shu jumladan, vatandosh olim) hamrahbar sifatida belgilangan bo‘lishi (loyiha hamrahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuning uning muhim ilmiy natijalari ilova qilinishi lozim); loyiha doirasida uning ijrochi tashkilotining asosiy shtatidagi xodimlari tarkibidan kiritilgan ijrochilardan kamida bittasi tomonidan falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish bo‘yicha dissertatsiyani tayyorlash va himoya qilish rejasining mavjudligi; loyiha ilmiy jamoasining o‘rtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi lozim (o‘rtacha yosh ijrochilar yoshining arifmetik o‘rtacha qiymati sifatida hisoblanadi); loyiha rahbarining bir vaqtning o‘zida boshqa fundamental loyihaga rahbarlik qilmasligi; loyiha doirasida ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha aniq rejaning mavjudligi (loyihaga ilova qilinishi lozim); loyiha ijrochilarining tegishliligi bo‘yicha dunyodagi nufuzli fan jamiyatlari bilan aloqalarining mavjudligi va konsorsumlarda faol ishtirok etishi to‘g‘risida asoslantirilgan ma’lumotlarning ilova qilinganligi; tadqiqot mavzusi bo‘yicha zarur ilmiy salohiyat va ilmiy ma’lumotlarning mavjudligi (yuqori malakali olimlar jamoasi, so‘nggi besh yil ichida nashr etilgan ilmiy nashrlarning soni va sifati, patentlarning mavjudligi, yetakchi milliy va xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlikning mavjudligi va boshqalar); loyiha ijrochilari tarkibida 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarning mavjudligi, ularning soni va sifat xususiyatlari; zarur moddiy-texnik bazadan (binolar, jihozlar, inventarlar, dasturiy ta’minot, ma’lumotlar bazasi, axborot resurslari va boshqalar) foydalanish imkoniyati. *ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishlarida mazkur ko‘rsatkich 1 va undan yuqori etib belgilanadi. 2) loyiha mazmuni quyidagi talablarga mos bo‘lishi zarur: tadqiqot natijalarini loyiha yakuni bilan amaliy tadqiqotlarga va kelgusida tajriba-konstruktorlik hamda innovatsion loyihalarga o‘tishi sikli aniq ko‘rsatilganligi; taqdim etilgan loyihaning ijrochi tashkilot ilmiy (ilmiy-texnik) kengashida puxta muhokamadan o‘tkazilib, xalqaro hamkorlar xulosalari bilan asoslantirilganligi hamda yuqori turuvchi tashkilot (vazirlik/idora) tomonidan loyihadan kutilayotgan natijalar respublika iqtisodiyoti va ijtimoiy sohani rivojlantirish uchun zarurligi (ehtiyojning mavjudligi) ta’kidlangan tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligi. Loyihaning fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligi; loyihaning maqsadli tanlov yo‘nalishi va shartlariga muvofiqligi; mavzuning dolzarbligi, tadqiqotning yangiligi va ushbu yo‘nalishda ilmiy natijalarning mavjudligi va darajasi hamda yangi bilimlarni olish, yangi nazariyalar, usullar, tushunchalarni yaratishga qaratilganligi; 3) fundamental loyihalarni amalga oshirish muddatlarini fan yo‘nalishlari kesimida quyidagi muddatlarga muvofiq shakllantirish va amalga oshirish zarur: a) quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan fundamental loyihalarni 3 yil muddatgacha (2022-2024 yillar) mo‘ljallab shakllantirish va amalga oshirish lozim: ijtimoiy fanlar; tarix; filologiya, psixologiya va pedagogika fanlari; iqtisodiyot fanlari; huquq fanlari; informatika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari; arxeologiya fanlari; qishloq xo‘jaligi, veterinariya va atrof-muhitni muhofaza qilish; o‘rmon xo‘jaligi; b) quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan fundamental loyihalarni 4 yil muddatgacha (2022-2025 yillar) mo‘ljallab shakllantirish va amalga oshirish lozim: arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik; yer to‘g‘risidagi fanlar. matematika, fizika, mexanika fanlari; texnika fanlari; tibbiyot fanlari; farmakologiya va farmasevtika; kimyo fanlari; kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar; biologiya fanlari, biotexnologiya, ekologiya. Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021 yilning 15 oktabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim: ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo‘llanma hat (.pdf); ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma (.pdf); fundamental loyiha matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda, .pdf va .doc/.docx, hamrahbarning rozilik xati ilova qilinishi lozim). Tanlovga Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari tomonidan taqdim etiladigan loyihalar mazkur ilmiy tashkilotlar tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarini (ustuvor yo‘nalishlar, dasturlar, rejalar, boshqa loyihalar va h.k.) takrorlamasligi, ulardan ham mazmunan ham natijalariga ko‘ra tubdan farq qilishi to‘g‘risidagi asosnoma loyihaga ilova qilishini zarur. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va g‘oyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qo‘yishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim. Loyiha doirasida ajratilgan mablag‘lar ilmiy izlanishlar olib borishga, shuningdek, ish haqidan tashqari, umumiy mablag‘ning kamida 40 foizi ilmiy asbob-uskunalar, xom ashyolar hamda boshqa zarur materiallarni xarid qilish va moddiy-texnika bazasini rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarga yo‘naltirilishi lozim, bunda fundamental, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi loyihalarda mazkur miqdor 20 foizgacha kamaytirilishi mumkin. Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining to‘liqligi, ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi, shuningdek, tanlovga taqdim etilgan loyihalarni amalga oshirish muddatlarining tanlov shartlariga mosligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi. Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi. Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning to‘liqligi, haqqoniyligi va ishonchliligi hamda ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish salohiyati, loyihada rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi ijrochi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar. Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun so‘ralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: http://grant.mininnovation.uz/site/example-docs . Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash bo‘yicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi. Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32.