Loyiha turi 23.09.2021 67

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining 55-turi e’lon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining 55-turini quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha e’lon qiladi:

  1. Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari
  2. Farmakologiya va farmasevtika fanlari
  3. Filologiya, psixologiya va pedagogika fanlari
  4. Huquq fanlari
  5. Iqtisodiyot fanlari
  6. Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiya
  7. O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari
  8. Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari
  9. Tarix va arxeologiya fanlari
  10. Texnika fanlari
  11. Tibbiyot fanlari
  12. Yer to‘g‘risidagi fanlar


Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarori hamda “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 27 avgustdagi 545-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Tanlov shartlari.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021 yilning
2 noyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo‘llanma xat (pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma (.pdf);
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda, pdf va doc/docx).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Elektron ro‘yxatdan hamda dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning to‘liqligi, haqqoniyligi va ishonchliligi hamda ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish salohiyati, loyihada rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi ijrochi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun so‘ralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi.

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash bo‘yicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-90-989-92-94.