Loyiha turi 29.09.2021 45

Innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkini boshqaruvga berish uchun tanlov

TEXNOPARKLAR BOSHQARUVCHILARI VA INNOVATSION TADBIRKORLAR DIQQATIGA!

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari aro faoliyat yuritadigan innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkini boshqaruvga berish uchun tanlov eʼlon qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-oktyabrdagi “Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 215-sonli qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 497-f farmoyishiga muvofiq 2021-yil 1-noyabriga qadar tanlov oʻtkaziladi.

Tanlovda ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmagan mustaqil boshqaruv kompaniyalari qatnashish huquqiga ega.

Yoshlarni innovatsion faoliyatga yanada kengroq jalb etish, ularning gʻoyalarini takomillashtirish va amaliyotga tatbiq qilish – Innovatsion oʻquv-ishlab chiqarish texnoparki uchun boshqaruv kompaniyasini tanlashning asosiy shartlaridan biri etib belgilanadi.

Tanlovda qatnashish uchun arizachi Innovatsion rivojlanish vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim:

  • boshqaruv kompaniyasi toʻgʻrisida umumiy maʼlumot (pasport);
  • boshqarish boʻyicha oʻtkaziladigan tanlovda qatnashish uchun ariza;
  • boshqarish boʻyicha biznes-reja (qalin konvertga joylashtirilgan va arizachining muhri bosilgan holda);
  • arizachi toʻgʻrisida maʼlumot;
  • davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi hujjatlar nusxasi, Texnopark Nizomi va unga kiritilgan oʻzgartirishlar nusxalari (bir marotaba taqdim qilinadi);
  • soliq inspeksiyasida qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi belgi bilan oxirgi hisobot davri va oxirgi yil boʻyicha tanlov qatnashchisi tomonidan tasdiqlangan buxgalteriya balansidan nusxa (boshqaruvchi kompaniya mikrofirma hisoblangan taqdirda, oxirgi yilgi balans taqdim qilinadi);
  • ariza berilayotgan sanada byudjet, byudjetdan tashqari toʻlovlar va ish haqidan qarzdorlik mavjud emasligi toʻgʻrisida soliq idorasining maʼlumotnomasi;
  • oxirgi hisobot davri va oxirgi yil boʻyicha moliyaviy hisobotlar va moliyaviy hisobotlar boʻyicha auditor xulosasidan nusxa (Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari uchun);
  • arizachining mazkur sohadagi ish tajribasi toʻgʻrisida maʼlumot.

Ariza beruvchining biznes-rejasi quyidagi asosiy yoʻnalishlarni oʻz ichiga olishi lozim:

Texnoparkning kuchli va zaif tomonlarini yoritgan holda, Texnoparkning joriy holati tahlili;

bozor (tarmoq) boʻyicha marketing izlanishlari;

sof foydaning asoslangan prognoz koʻrsatkichlari (uch yilga).

Quyidagilar boʻyicha boshqaruv faoliyati dasturi:

- ishtirokchi sifatida davlat manfaatlarini ifodalash;

-Texnoparkning rivojlanish strategiyasini belgilash;

-Texnopark mulki saqlanishini (butligini) va undan oqilona foydalanishni taʼminlash;

-ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, Texnopark moliya-xoʻjalik faoliyatini takomillashtirish, davlat byudjeti oldida majburiy toʻlovlar va ish haqi boʻyicha qarzdorlik yuzaga kelishining oldini olish;

-Texnoparkda korporativ boshqaruv tizimini joriy etish va uni takomillashtirish;

-davlat manfaatlarini nazarda tutuvchi boshqa majburiyatlar va rejalar.

Arizalar 2021-yil 1-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 gacha Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida qabul qilinadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligining manzili: Oʻzbekiston Respublikasi, Toshkent sh., 100174, Olmazor tumani, Universitet koʻch, 7 uy, elektron manzil: info@mininnovation.uz

Maʼlumot uchun telefonlar: 71-203-32-23 (213), 93 627-43-43