Loyiha turi 20.10.2021 79

Innovatsion rivojlanish vazirligi yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalari tanlovini qayta e’lon qiladi (53-tur)

Tanlovning asosiy maqsadi – yoshlarning ilmiy g‘oyalarini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlar va yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish hamda salohiyatli yoshlarni ilm-fanga keng jalb etishdan iborat.

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 9 martdagi 133-son hamda “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 19 apreldagi 222-son qarorlarida belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha o‘tkaziladi:

Tanlov shartlari

Tanlovga taqdim etiladigan amaliy va innovatsion loyihalar quyidagi talablarga javob berishi zarur:

loyihaning barcha ijrochilari Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi a’zosi bo‘lishi lozim (Yoshlar akademiyasiga a’zo bo‘lish uchun akademiyaning rasmiy veb-sahifasi – yoshlarakademiyasi.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tish zarur);

loyiha ijrochilarining yoshi ularning ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qat’i nazar 40 yoshdan oshmasligi zarur;

ilmiy loyiha tanlov mavzusiga mos tarzda ishlab chiqilishi lozim.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar 
grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021 yilning 5 noyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo‘llanma hat (.pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma (.pdf);
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda, .pdf va .doc/.docx).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining to‘liqligi, ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaganligi, belgilangan talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil
18 iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan so‘ng to‘liq tijoratlashtirilishi shart.

Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning to‘liqligi, haqqoniyligi va ishonchliligi hamda ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish salohiyati, loyihada rejalashtirilgan ilmiy-tadqiqotlarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi ijrochi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun so‘ralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: http://grant.mininnovation.uz/site/example-docs .

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash bo‘yicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-90-989-92-94.