Loyiha turi 20.10.2021 60

Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining 51-turi qayta e’lon qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida amaliy hamda innovatsion loyihalar tanlovining
51-turini quyidagi fan yo‘nalishlari bo‘yicha e’lon qiladi:

  1. Filologiya, psixologiya va pedagogika fanlari
  2. Huquq fanlari
  3. Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiya
  4. Qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari
  5. Tibbiyot fanlari
  6. Veterinariya va chorvachilik fanlari
  7. O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari

Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 9 martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o‘tkaziladi.

Tanlov shartlari.

Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali 2021 yilning 15 noyabriga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Ilmiy loyiha hujjatlarini grant.mininnovation.uz elektron platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida quyidagi hujjatlar asl nusxalarining pdf/doc shakli elektron platformaga yuklanishi lozim:

  • ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yo‘llanma xat (pdf);
  • ijrochi tashkilotning ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi qaroridan ko‘chirma (.pdf);
  • amaliy yoki innovatsion loyiha matni (imzo va muhr qo‘yilgan holda, pdf va doc/docx).

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat’iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko‘chirmachilikka (plagiatga) yo‘l qo‘yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek loyiha yakunida qo‘lga kiritiladigan muhim ilmiy natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to‘liq asoslanganligi va so‘ralgan mablag‘larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to‘g‘ri hisob-kitob qilinganligi bo‘yicha dastlabki texnik ekspertizadan o‘tkaziladi.

Elektron ro‘yxatdan hamda dastlabki texnik ekspertizadan o‘tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 iyuldagi PQ-3855-son qaroriga muvofiq, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalari ular yakunlanganidan so‘ng to‘liq tijoratlashtirilishi shart.

Taqdim etilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g‘oliblari tomonidan ilmiy loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to‘la va o‘z vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning mas’ul xodimlari javobgar hisoblanadilar.

Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun so‘ralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi.

Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovlar natijalarni aniqlash bo‘yicha interfaol xizmat” sahifasi, shuningdek www.mininnovation.uz veb-saytidagi “Tanlovlar” ruknining “Tanlov natijalari” interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.

Ilmiy loyihalarni grant.mininnovation.uz elektron platformasining “Tanlovga ilmiy loyiha taqdim etish” sahifasi orqali elektron ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq texnik masalalar bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash xizmati: +998-71-203-32-32, +998-90-989-92-94