Loyiha turi 26.04.2022 246

O'zbekiston–Eron startap loyihalari tanlovi

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi “Yashnobod” innovatsion texnoparki hamda eron Islom Respublikasi “Pardis” texnoparki startap loyihalar tanlovini  e'lon qiladi.

Mazkur tanlov O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq o'tkaziladi. 

Startap loyihalarni qabul qilishda qo'yiladigan talablar:

  • Arizalar joriy yilning 1-mayidan 1-iyuniga qadar qabul qilinadi;
  • 1 ta ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etadi;
  • Startap loyihalar asosida maket va (yoki) prototip, xizmatlar va innovatsion mahsulotlar yaratishning eng ko'p muddati 1 yildan oshmasligi lozim.

Loyihaga baho berishda quyidagilar hisobga olinadi:

  • Loyihaning innovatsionligi – respublikada avval qo'llanilmagan yangi texnologiyalar va (yoki) jarayonni tashkillashtirish tamoyillaridan foydalanish darajasi, bunda loyiha respublikada avval ishlab chiqarilmagan yangi mahsulot (intellektual mulk ob'ekti mavjud bo'lganda) ishlab chiqarish, yangi xizmat yaratishni ko'zda tutadi;
  • Loyihaning texnik jihatdan mukammalligi, shu jumladan yakunlanganlik darajasi;
  • Muhofaza qiluvchi hujjatlar mavjudligi – patent yoki patentga ariza, va/yoki ilmiy-texnik hujjatlarning to'liq komplekti, va/yoki ko'zda tutiladigan mahsulot (texnologiya)ning texnik reglamenti, sinov dalolatnomalari, mahsulot namunasining mavjudligi;
  • Loyihaning investitsion jozibadorligi – qo'shimcha foyda keltirib, kiritilgan mablag'lar tavakkalchiligini kamaytiradigan qulay investitsion va innovatsion shart-sharoitlar majmuidir. Loyihaning investitsion jozibadorligi uning mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli istiqbollariga muvofiqligi, loyihaning qiymati, tavakkalchiliklarning hisobga olinishi, o'zini o'zi qoplashi va rentabelligi bilan belgilanadi;
  • Loyihani moliyaviy rejalashtirish – loyiha moliyaviy ta'minotining rejalashtirilayotgan ishlarga muvofiqligi va xarajatlar smetasining asoslanganligidir;
  • Marketing rejasi – loyihani amalga oshirish strategiyasi, bozor hajmi, maqsadli auditoriya, aloqalar/sotuvlarning asosiy kanallari, raqobat muhiti va h.
  • Loyihani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar – ajratiladigan mablag'lardan samarali foydalanish, amalga oshiriladigan tadbirlarni bajarish sifati va muddatlari, import o'rnini bosuvchi va eksportga yo'naltirilgan ilmiy asos talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishni tashkillashtirish.

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tanlov g'oliblari borasidagi qarori qat'iy va u qayta ko'rib chiqilmaydi!

Tanlovga arizalar tomonlar o'rtasida kelishilgan holda, mos ravishda taqdim qilinishi shart. Bunda quyidagi hujjatlar asl nusxalari PDF shaklida uzbiranstartup@gmail.com pochtasiga yuborilishi lozim:

  • Startap loyiha muallifi tomonidan imzolangan ariza;
  • Startap loyiha pasporti;
  • Startap loyiha biznes matni (imzo va muhr qo'yilgan holda, .pdf va .doc/.docx);
  • Xarajatlar smetasi (.xls/.xlsx);
  • Startap loyiha (taqdimoti 10 slayd) shaklida loyiha mazmuni to'liq yoritilganligi.

Taqdim etilgan loyihalar tanlov talablariga qat'iy rioya qilinganligi, loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi, ko'chirmachilikka (plagiat) yo'l qo'yilmaganligi, talablar asosida shakllantirilganligi, shuningdek, startap loyiha yakunida qo'lga kiritiladigan muhim natijalarning tadqiqot dizayniga muvofiq to'liq asoslanganligi va so'ralgan mablag'larning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq to'g'ri hisob-kitob qilinganligi bo'yicha dastlabki texnik ekspertizadan o'tkaziladi.

  • Dastlabki texnik ekspertizadan o'tmagan loyihalar tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etilmaydi!
  • Tanlovga faqat bitta ijrochi tomonidan taqdim etilgan loyihalar, shuningdek, ekspertiza natijalari bo'yicha bir tomonlama yoki ikkala tomondan ham moliyalashtirish rad qilingan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi!

Quyidagi hollarda taqdim etilgan loyihalar tanlovda ishtirok etish uchun tavsiya etilmasligi mumkin:

  • Startap loyiha mazmunan innovatsion xususiyatga ega emasligi;
  • Startap loyihaning maqsad va vazifalari yoritib berilmaganligi;
  • Startap loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag'ni binolarni rekonstruktsiya qilish va ta'mirlash-qurilish ishlariga, shuningdek, avtotransport vositalarini xarid qilishga sarflanishi rejalashtirilganda.

Taqdim etilgan startap loyihalardagi ma'lumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov g'oliblari tomonidan startap loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni to'la va o'z vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha rahbarlari, mazkur loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari javobgar hisoblanadilar.

Startap loyihalarni elektron ro'yxatdan o'tkazish bilan bog'liq texnik masalalar bo'yicha: +998-71-203-32-23 (ichki raqam: 841).