Tadbir 28.01.2021

Qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan olimlar uchun ilmiy loyihalarni shakllantirish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi

Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshliqlari Shuhrat Otajonov va To‘xtamurod Atakulov Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda Agrar universitet professor-o‘qituvchilari, mutaxassislari va tadqiqotchilari bilan uchrashdilar. Uchrashuvda Agrar universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Kamoliddin Sultonov ham qatnashdi.

Shuhrat Otajonov yig‘ilganlarga «Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi: tanlov mavzulari va ilmiy loyihalar qanday shakllantiriladi?» mavzusida seminar-trening o‘tkazdi. Taqdimotda ilmiy loyihalarning turlari, mavzuni shakllantirish, tanlovni e’lon qilish, loyihani tayyorlash, texnik va ilmiy ekspertiza, loyihani moliyalashtirish, hisobot va monitoring, loyiha rahbari va ijrochi tashkilotga qo‘yiladigan talablar haqida batafsil tushuntirildi.

Ma’ruzachi avval loyiha turlariga to‘xtaldi. Ilmiy loyihalar uch turga bo‘linadi – fundamental, amaliy va innovatsion. O‘z navbatida mana shu uch turdagi loyihilar moliyalashtirish turi va usuliga ko‘ra tematik, maqsadli va tashabbuskor loyihalarga ajratiladi. Tematik loyihalar mavzulari davlat boshqaruvi, xo‘jalik va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ilmiy faoliyat sub’ektlarining asoslangan takliflari asosida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi. Tematik loyihalar mavzulari vazirlik so‘roviga asosan yoki ixtiyoriy ravishda taqdim etilishi mumkin.

Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi doirasida tematik loyihalar mavzusini shakllantirish uchun avval loyiha mavzusi tashkilotning Ilmiy (Ilmiy-texnik) kengashida muhokama qilinib, yuqori turuvchi tashkilot – vazirlik, idora yoki qo‘mitaga taqdim etiladi. Yuqori turuvchi tashkilot taqdim etilgan mavzularni ko‘rib chiqadi, saralaydi va Innovatsion rivojlanish vazirligiga rasmiy xat orqali yuboradi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tematik loyihalar mavzularini onlayn qabul qilish uchun elektron platforma ishga tushirilgan. Buning uchun vazirlikning www.mininnovation.uz rasmiy veb-saytidagi «Tanlovlar» bo‘limidagi «Mavzu yuborish» interaktiv xizmatidan foydalaniladi.

Vazirlik va idoralar tomonidan taklif etilgan tematik loyihalar mavzulari qabul qilingach, mavzular o‘rnatilgan tartibda ma’lumotlar bazasiga kiritiladi va fan yo‘nalishi bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligining tegishli boshqarmalarga yo‘naltiriladi.Tegishli boshqarmalar takliflarni o‘rganib chiqadi va ekspertizadan o‘tkazadi. Ijobiy xulosa berilgan tematik mavzular loyihalar tanlovida e’lon qilish uchun tayyorlanadi. Ijobiy baholangan, avval bajarilmagan, ekspertlar tomonidan dolzarb, aniq mahsulot yoki natijaga qaratilgan, tijoratlashtirish imkoniyati yoki ijtimoiy ahamiyati yuqori deb baholangan mavzular bo‘yicha vazir buyrug‘i asosida tanlov e’lon qilinadi.

Taqdimotda, shuningdek, tinglovchilar ilmiy loyihalarga qo‘yiladigan talablar, loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish va saralab olish tartibi, Ilmiy loyihalarni moliyalashtirish tartibi haqida ham batafsil ma’lumotlar oldilar.