Tadbir 24.02.2020

Samarqandda ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

Joriy yilning 21 fevral kuni Samarqand davlat universitetida “Samarqand viloyatini innovatsion rivojlantirish: muammolar va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbirda respublika oliy ta’lim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari, ilmiy-tadqiqot institutlarining ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, viloyat tarmoq tashkilot rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari hamda boshqa turli tashkilotlardan taniqli mutaxassislar, olimlar hududlarni innovatsion rivojlantirish bo‘yicha shu kunning dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun yig‘ildi.

Konferensiya yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xalmuradov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etdi.

Anjuman yalpi yig‘ilishi va sho‘’ba yig‘ilishlarida sohalar bo‘yicha yuzdan ortiq ma’ruzalar tinglandi. Ma’ruzalarda viloyat hududida mavjud muammolar olimlar va soha mutaxassislari tomonidan muhokama qilindi.

Konferensiya davomida hududlardagi muammolar muhokama qilindi, ilmiy-tadqiqot ishlarining ushbu dolzarb muammolar yechimiga yo‘naltirilgan mavzulari shakllantirildi.

Shuningdek, konferensiya doirasida oliy ta’lim muassasalaridan ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektorlari, ilmiy tashkilotlarning ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari o‘zaro tajriba almashishdi hamda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda ilmiy innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari yuzasidan ishchi yig‘ilish o‘tkazildi.

Anjuman davomida Samarqand viloyat oliy ta’lim muassasalari tijoratlashtirishga tayyor ishlanmalari ko‘zdan kechirildi hamda amaliyotga joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.