Tadbir 02.02.2021

Fan jamiyatlarining ilm-fan rivojidagi o‘rniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

Innovatsion rivojlanish vazirligida 3 fevral kuni «Ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda fan jamiyatlarining roli» mavzusida matbuot anjuman o‘tkazildi. Ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarni sohadagi mas’uliyatni oshirish, shuningdek matematika yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning ilmiy-ijodiy faolligini targ‘ib etish, olimlarning kasbiy hamda ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Matematiklar jamiyati a’zolari, sohaning yetuk mutaxassis va olimlari ishtirok etdi.

Anjumanda Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilm-fan va ilmiy texnikaviy tadqiqotlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i, professor Shuhrat Otajonov O‘zbekistonda ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda dolzarb ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha fan jamiyatlarini tashkil etish masalasi haqida so‘z yuritdi. Mazkur konsepsiyaga muvofiq ilmiy tashkilotlar rahbarlari lavozimiga ustuvor ravishda ilm-fan tizimini boshqarish ko‘nikmasiga va iqtisodiy bilimga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar tayinlanadi. O‘z navbatida 2021 yil 1 yanvardan boshlab ilmiy tashkilotlar rahbarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘qitish va muntazam malakasini oshirib borish tizimi joriy qilindi. Shuningdek joriy yil boshidan har bir ilmiy tashkilotda uning boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni doirasida ilm-fan va ilmiy faoliyat bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritildi. Bu lavozimga taniqli ilm-fan namoyandalari va nufuzli olimlardan biri tayinlanishi hamda maslahatchi tashkilotning Ilmiy kengashini boshqarishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, hozirda ilmiy yo‘nalishlarni shakllantirish va ularning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash hamda ilmiy maktablar, fan namoyandalari va yetakchi olimlarning sohadagi mas’uliyatini oshirish maqsadida har bir fan yo‘nalishlari bo‘yicha fan jamiyatlari tashkil qilinmoqda.

Sh. Otajonov shuningdek, Ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun davlat buyurtmasini shakllantirish va amalga oshirish talablar, Davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot loyihalarini shakllantirish tartibi va joriy etish bilan bog‘liq tashkiliy-huquqiy asoslar borasida tushuntirish berdi.

Innovatsion rivojlanish vazirining xalqaro maslahatchisi Aleksandr Soy Qozog‘iston Respublikasi tajribasiga tayangan holda Innovatsiyalar sohasidagi marketing va innovatsiyalarni amaliyotga joriy qilish asoslari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. A. Soy ilmiy loyihalarini shakllantirish, yozish hamda grant tanlovlarida ishtirok etish va moliyalashtirishdagi muhim jihatlar haqida gapirdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Ilmiy ishlanmalar va texnologiyalarni tijoratlashtirish hamda transfer qilish boshqarmasi boshlig‘i Jamoliddin Babaxanov «Ilmiy loyihalarni tijoratlashtirish: muammo va yechimlar» mavzusida ma’ruza qildi. Innovatsion faoliyatni boshqarish, rivojlantirish va qo‘llab quvvatlashga, innovatsion ishlanmalar va ixtirolarni huquqiy muhofazasi, ularni tijoratlashtirish masalalariga urg‘u berdi.