Tadbir 15.12.2020

Yoshlar akademiyasi hamda Koreya Yoshlar markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

2020 yil 15 dekabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Koreya madaniy markazlari assotsiatsiyasi huzuridagi Yoshlar markazi o‘rtasida startap korxonalari qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandumga ko‘ra hamkorlik quyidagi shakllarda amalga oshirilishi belgilangan:

• Startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni shakllantirish;

• yurtimiz yoshlari o‘rtasida startap tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish;

• startaplar, tadbirkorlik (tadbirkorlik asoslari) sohalarida aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan o‘quv tadbirlarini tashkil etish;

• startaplar, fan va innovatsiyalar sohasida o‘zaro kelishilgan boshqa hamkorlik yo‘nalishlarida ishtirok etish;

• investitsiyalarni jalb qilish bilan istiqbolli startap-loyihalarning qo‘shma bazasini shakllantirish;

• tijoratlashtirish uchun biznes modelini ishlab chiqishda yordam berish;

• loyihalarni ishlab chiqishda maslahat yordamini ko‘rsatish;

Shu bilan birga tomonlar birgalikda Yoshlar akademiyasi a’zolari, startap tashkilotlar vakillari, iqtidorli va tashabbuskor yoshlar uchun forumlar, seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, brifinglar tashkil etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va boshqa davlat tuzilmalari vakillari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Koreya madaniy markazlari assotsiatsiyasi huzuridagi «Shinsedae» yoshlar markazi 2012 yil tashkil topgan bo‘lib, markaz yoshlar orasida koreys madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan. Shuningdek, markaz har yili muntazam ravishda yoshlar forumlari, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan startap tanlovlar, yoshlarda liderlik qobiliyatini shakllantirishga qaratilgan mahorat darslari tashkil etib keladi.