Tadbir 22.06.2021

“O‘zbekiston ilm-fanining kelajagiga nazar” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 23 iyun kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 29 oktabrdagi PF-6097-sonli “Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoniga binoan ilm-fanning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha “O‘zbekiston ilm-fanining kelajagiga nazar” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zR Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdikulova ochib berdi va o‘z nutqida mamlakatimizda ilm-fanga bo‘lgan e’tibor hamda hozirgi kunda olim va tadqiqotchilarni qo‘llab–quvvatlash maqsadida Vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida so‘zladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi MUNIS loyihasini amalga oshirish guruhining tarkibiy koordinatori Regina Sattarova Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasining taqdimoti bilan tanishtirdi.

Tadbir davomida ishtirokchilar tadqiqot va tijoratlashtirish sifatini oshirish (shu jumladan ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni tijoratlashtirish dasturi va ilmiy tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish dasturi) va xususiy sektorda innovatsiyalarni targ‘ib qilish (shu jumladan, Innovatsion salohiyatni rivojlantirish dasturi va ilmiy-tadqiqot ishlarini investitsiya qilish dasturi) masalalari bo‘yicha bilimlarini oshirishdi.

Ilmiy-texnik axborot siyosatini ishlab chiqish va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash mavzusida shuningdek, ma’lum bir sohada yoki hududlar kesishmasida texnologiyalarni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalarini aniqlash va ilm-fan sohasida istiqbolli siyosatni ishlab chiqish maqsadida rivojlangan mamlakatlarda kelgusida olib boriladigan tadqiqotlar, sohadagi yangi usul va yondashuvlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek tadbir davomida mamlakatda ilm-fan va innovatsiyalarning muvaffaqiyatli rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va ularni shakllantirish bo‘yicha munozaralar olib borildi.