Yangilik 12.12.2021 136

Fizika-texnika institutida Yosh olimlar konferensiyasi o’tkazildi

2021-yil 13-dekabr kuni O’zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika institutida Yosh olimlar ilmiy konferensiyasi o’tkazildi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi faol yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini rag’batlantirish, yosh tadqiqotchilar olgan ilmiy natijalarini taqdimot qilish mahoratlarini oshirishdir. Konferensiyada 100 ga yaqin yosh olimlar, laboratoriya mudirlari hamda yetakchi ilmiy xodimlar ishtirok etdilar.

Onlayn videokonferensiya tarzida o’tkazilgan ushbu tadbirda nazariy fizika, yuqori energiyalar fizikasi, yarim o’tkazgichlar fizikasi hamda qayta tiklanadigan energiya manbaalari yo’nalishlarida hozirda yosh olimlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bo’yicha 22 ta ma’ruzalar tinglandi. Yosh olimlar taqdimotlari 11 nafar yetakchi ilmiy xodimlardan iborat ekspert komissiyasi tomonidan baholandi hamda eng yaxshi ilmiy ishlar egalari aniqlandi. Qayta tiklanadigan energiya manbalari yo’nalishi bo’yicha 10 million so’mlik maxsus mukofot g’olibi sifatida yosh olim T.Jo’rayev e’tirof etildi. Konferensiyaning “Eng yaxshi ilmiy taqdimot” tanlovi g’olibi hamda 10 million so’mlik mukofot sohibi deb nazariy fizika yo’nalishida tadqiqotlar olib borayotgan yosh olim Sh. Otajonov topildi. Yuqori energiyalar fizikasi hamda qayta tiklanadigan energiya manbaalari yo’nalishida ilmiy izlanishlar olib borayotgan M.Shodmonov hamda A.Xalimov faxrli ikkinchi o’rinni hamda 5 million so’mdan pul mukofotini qo’lga kiritishdi. Yarim o’tkazgichlar fizikasi hamda asbobsozlik sohalarida tadqiqotlar olib borayotgan yosh olimlar B.Rajapov, R.Bebitov, R.Xurramov va B.Abdulazizov faxrli uchinchi o’rin egalladilar hamda 2.5 million so’mdan pul mukofotiga sazovor bo’ldilar.