ShHTga aʼzo davlat rahbarlari sammiti doirasida Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abduraxmonov hamda “Luye Invetment Group Co.,Ltd” kompaniyasining kompaniyasi rahbari oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Innovatsion rivojlanish vazirligi kompaniya bilan hamkorlikda 2023-2028-yillarda umumiy qiymati 100 mln. dollarga teng boʻlgan “Innovatsion vaksinalar markazi”ni tashkil etishi boʻyicha Memorandum imzolandi.
Shuningdek, uchrashuvda kompaniyaning rasmiy vakili Lyu Dyanbo Oʻzbekistonda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi vaksina yaratish va ishlab chiqarish boʻyicha olib borayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
“Innovatsion vaksinalar markazi” – Markaziy Osiyoda yagona toʻliq siklli biotexnologik ishlab chiqish korxonasi boʻlib, mahalliy va MDH mamlakatlari bozorini yuqori texnologik mahsulotlar bilan taʼminlash imkonini beradi.
Loyiha doirasida gepatit A, gepatit B, papilloma, qizamiq, qoqshol va boshqa kasalliklar viruslarini davolashda ishlatiladigan umumiy hajmi 2 mlrd. dollarga teng boʻlgan 10 xil vaksinani yiliga 200 million dozada ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Ushbu toʻliq siklli biotexnologik ishlab chiqarish korxonasining ilmiy hajmdorligi va kelgusida yuqori malakali ilmiy mutaxassislar jalb qilinishini inobatga olib, “Innovatsion vaksinalar markazi"ni Toshkent viloyatida tashkil qilish taklif etilmoqda.