“InnoWeek.uz-2022” Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida “Fan va innovatsiyalar xalqaro ilmiy forumi" oʻtkazildi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkazilayotgan “InnoWeek.Uz-2022” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida 20-oktyabr kuni “Fan va innovatsiyalar xalqaro ilmiy forumi” oʻtkazildi.
Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi va kirish nutqida, hozirgi kunda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash jarayonlariga ilmiy-amaliy tadqiqotlar natijalarini va nou-xau ishlanmalarni keng joriy etish, ushbu yoʻnalishda ilmiy muassasalar va real iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari oʻrtasida yaqin hamkorlikni oʻrnatish mamlakatni jadal innovatsion rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi deb taʼkidladi. Shuningdek, ilm-fan, tadqiqot va ishlanmalar boʻyicha mamlakatning innovatsion rivojlanish yoʻlida amalga oshirilayotgan amaliy jarayonlar va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish boʻyicha muhokamalar olib borish, hamkorlik ishlarini mustahkamlash boʻyichaamalga oshirilayotgan ishlarga toʻxtalib oʻtdi. Soʻnggi yillar davomida amalga oshirilgan islohatlar natijasida respublikada iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada, shu jumladan qishloq xoʻjaligi, energetika, qurilish, taʼlim, sogʻliqni saqlashda innovatsion va texnologik rivojlanishni taʼminlash va ragʻbatlantirish borasida katta yutuqlarga erishildi. Xususan, respublikamiz 80 tadan ortiq indikator boʻyicha baholanadigan Global innovatsion indeksi reytingida 2015-yilga nisbatan 40 ta pogʻonaga, oʻtgan yilga nisbatan 4 ta pogʻonaga koʻtarilib, 2022-yilda 82-oʻrinni egalladi.Shuningdek, soʻnggi 5 yilda ilm-fan va innovatsiya sohalariga davlat byudjetidan ajratiladigan yillik mablagʻlar hajmi 3 baravarga oshirildi va 1,5 trillion soʻmga yetkazildi; yosh olimlar 6,5 ming nafar boʻlgan boʻlsa, 2022-yilga kelib ularning soni 10,8 ming nafarni tashkil etdi, yaʼni 1,5 baravarga oʻsdi; innovatsion faoliyatni moliyalashtirish boʻyicha maxsus institutlar, innovatsion jamgʻarmalar va venchur tashkilotlar soni 28 taga yetkazildi.Forum davomida ilm-fan, tadqiqot va ishlanmalar boʻyicha mamlakatning innovatsion rivojlanish yoʻlida amalga oshirilayotgan amaliy jarayonlar va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish boʻyicha muhokamalar olib borildi.Forumda Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Aleksandr Sherer,Qirol Abdullax nomidagi fan va texnologiya universiteti Prezidenti, professor Chan Toni Fan Cheong, Belorussiya Milliy Fanlar akademiyasi matematika, informatika va fizika boʻlimi akademik kotibi, i.f.d. Shumilin Aleksandr Gennadyevich, Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminister Universiteti rektori Mirkasimov Baxrom Ravshanovich, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻjalar ishtirok etishdi.
Forum doirasida zamonaviy globallashuv, raqamli iqtisodiyot hamda yangi Oʻzbekiston qurish sharoitida rivojlangan mamlakatlar tajribasida innovatsion faoliyatni tashkil qilish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganish masalasi muhokama qilindi.