Yangilik 26.04.2023 274

Germaniyaning KfW banki moliyalashtiradigan Oʻzbekiston professional taʼlim tizimini takomillashtirishga qaratilgan loyiha doirasida uchrashuv oʻtkazildi

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida Germaniyaning KfW banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Professional taʼlim tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.  Unda Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili Mr. Michael Wimmer, KfWning Markaziy Osiyodagi ofisi direktori Dr Andreas Schneirder, Planco Consulting GMBH kompaniyasi missiyasi  rahbarlari Gunnar Specht va  Ansgar Cordier,  GIZ  loyihasi vakillari ishtirok etdi. Oʻzbekiston tomonidan muzokaralarda Oliy taʼlim fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Professional taʼlimni rivojlantirish departamenti boshligʻi Sadoqat Siddiqova, loyihaga jalb etilgan texnikumlar rahbarlari qatnashdi. 


Uchrashuv davomida Germaniyaning KfW banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Professional taʼlim tizimini takomillashtirish” loyihasining texnik iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish boʻyicha Planco Consulting GMBH kompaniyasi missiyasining joriy yilning fevral va aprel oylarida Oʻzbekistonga tashrifi yakunlari boʻyicha taqdimoti va loyiha doirasida amalga oshiriladigan asosiy vazifalarini muhokama qilindi.


“Professional taʼlim tizimini takomillashtirish” loyihasi doirasida konchilik, arxitektura-qurilish, energetika, yengil sanoat, kommunal xizmat, va sanoat yoʻnalishlari boʻyicha  ichki va tashqi mexnat bozori uchun  malakali kadrlarni tayyorlash koʻzda tutilgan. Buning uchun  dastlabki bosqichda 8 ta professional taʼlim muassasalari tanlab olingan boʻlib, keyingi bosqichda boshqa professional taʼlim muassasalarini loyihaga jalb etiladi. hozirda  tanlab olingan professional taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali mehnat bozori uchun raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin mutaxassislarni tayyorlash ishlari olib boriladi.