Yangilik 05.07.2023 240

Xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritish imkonini beruvchi Global Landscape forum volontyorlik dasturi

Global Landscape Forum Volunteer Program turli davlatlardan boʻlgan, kelajakda karyerasi, ish doirasini kengaytirish va xalqaro tashkilotlarda amaliyot oʻtash istagida boʻlgan yosh mutaxassislar va talabalar uchun volontyorlik dasturini eʼlon qiladi. Ushbu dastur dunyo miqyosida amalga oshiriladi, yaʼni volontyorlar dunyoning turli davlatlarida faoliyat yuritishlari mumkin.

Dasturda 18-35 yosh oraligʻidagi barcha davlat fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Nomzodlar atrof-muhit boʻyicha masalalar va global muammolarga qiziqishlari lozim. Ishtirokchilarning ish vaqti hamda vazifasi ular bajarayotgan ish turiga qarab farq qiladi.  Loyiha ishtirokchilari BMT, Jahon banki va shu kabi xalqaro tashkilotlar bilan birga ishlash imkonini qoʻlga kiritishadi. Dastur soʻnggida har bir ishtirokchi tegishli sertifikatlar bilan taqdirlanadi. 

Dasturga yil davomida ariza topshirish mumkin. Tanlangan ishtirokchilar bilan yil davomida bogʻlaniladi. 2023-yilda saralab olinmagan nomzodlar 2024-yilda ham ariza topshirish imkoniga ega.

Maqbullik shartlari

Dasturda qatnashish uchun quyidagi talablar mavjud:

Dasturda 18-35 yosh oraligʻidagi barcha davlat fuqarolari ishtirok etishlari mumkin;

Nomzodlar atrof-muhit boʻyicha masalalar va global muammolarga qiziqishlari lozim;

Loyihada asosan ijtimoiy tarmoqlar, loyihalarni tashkillashtirish va unga koʻmaklashish, raqamli marketing va tarjima sohasiga qiziquvchilar, tahsil olayotgan va faoliyat olib borayotgan nomzodlar qatnashishlari mumkin;

Dasturda ayollar, soni kam millat vakillari, chekka hududlar fuqarolari va shu kabi nomzodlarning ishtiroki ragʻbatlantiriladi;

Volontyorlik kategoriyasiga qarab nomzodlardan ingliz, fransuz yoki ispan tilini bilish soʻraladi. Qoʻshimcha tillarni biladigan nomzodlarga saralash jarayonida ustunlik beriladi. 

Hujjat topshirish

Avvalambor loyihada mavjud volontyorlik guruhlari va bajariladigan ishlar roʻyxati bilan tanishib chiqish, soʻngra ariza shaklini toʻldirish soʻraladi. 

Dastur doirasida ikki xil volontyorlik kategoriyasi mavjud:

GLF Event Volunteers- ushbu kategoriyada volontyorlik qilish orqali nomzodlar turli xil xalqaro uchrashuv va tadbirlarda bepul ishtirok etish hamda ularning bir qismiga aylanish imkonini qoʻlga kiritadi;

GLF Team Volunteers- ushbu kategoriyada taʼsirli yozish, ijtimoiy tarmoqlarda keng auditoriyani jalb qilish koʻnikmalariga ega, tillarni yaxshi biladigan nomzodlar GLF loyihasi kutubxonasini yaratish uchun faoliyat olib borishadi. 

Eslatma! Nomzodlarning arizalari doimiy ravishda tekshirib boriladi. Tanlab olingan ishtirokchilar bilan esa bogʻlaniladi. Faqatgina sanoqli nomzodlar bilan bogʻlaniladi. Ishtirokchilarning arizasi 2023-yilning oxirigacha saqlab qolinadi, loyiha maʼmuriyati yil oxirigacha istalgan vaqt nomzodlar bilan bogʻlanishi mumkin. Agar nomzod dasturda 2024-yilda ham ishtirok etishni xohlasa, ushbu yilda ham qaytadan ariza topshirishi mumkin. 

Batafsil ma'lumot: https://www.globallandscapesforum.org/