Yangilik 13.10.2021 454

“English for Science” tinglovchilari uchun Erasmus+ grant loyihalari bo‘yicha seminar-trening bo‘lib o‘tdi

“Erasmus+ xaftaligi” doirasida O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi tomonidan grant loyihalarga hujjatlar topshirish bo‘yicha seminar-trening o‘tkazilidi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning aprel oyidan “English for Science” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Toshkent shahrida faoliyat yuritib kelayotgan ta’lim muassasalaridagi 200 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar, doktorant hamda tadqiqotchilar ilmiy maqolalarni xalqaro talablar asosida shakllantirish, ularni xalqaro tan olingan nufuzli ma’lumotlar bazalari ro‘yxatidagi jurnallarda e’lon qilish, shuningdek, xalqaro loyihalar yozish, xorijiy ilg‘or davlatlarning o‘quv grantlariga mustaqil ariza berishlari uchun ko‘nikmalar hosil qilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirda vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi direktori Abdulaziz Abduvaliyev, O‘zbekistondagi Erasmus+ Milliy ofisi mas’ul xodimi Qudrat Kutlimuratov so‘zga chiqdi. Q. Kutlimuratov grant loyihalari mezonlari haqida batafsil ma’lumotlarni taqdim etar ekan, Erasmus+ doirasida e’lon qilingan 4 ta grant loyihasii (1- Erasmus Mundus Joint Masters; 2- Jean Monnet activities; 3- International credit mobility; 4- Capacity Building for Higher education) bo‘yicha tushuntirishlar berdi va mustaqil ariza topshirishga doir amaliy ko‘nikmalar bilan ulashdi.

– Oliy ta’lim va ilm-fanning kuchli raqobatbardosh tizimini yaratish O‘zbekiston uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi, – dedi Ilmiy-texnik axborot markazi direktori A.Abduvaliyev. –Davlatimiz tomonidan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ilm-fanning rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ilg‘or innovatsion ishlanmalar va yuqori texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-amaliy tadqiqotlarning raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida Innovatsion rivojlanish vazirligi bu jarayonda ilmiy tadqiqotlar, yuqori texnologiyalar va innovatsion ishlanmalar sifatini oshirish, ularning natijalarini iqtisodiyotga izchil joriy etishda ishtirok etmoqda.

Erasmus+ bu Yevropada ta’lim, o‘qitish, yoshlar va sportni qo‘llab -quvvatlash dasturidir. Uning taxminiy byudjeti 26,2 milliard yevroni tashkil etadi.

2021-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturda ijtimoiy integratsiya, ekologiya va raqamli o‘tish, shuningdek, yoshlarning demokratik hayotga ishtiroki kabi yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilmoqda.
Seminar-trening yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.