Yangilik 17.11.2021 583

Toshkent shahridagi Amiti universitetida halqaro ekspertlar ishtirokida seminar boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 15-19-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Amiti universitetida Oʻzbekistonda raqamli transformatsiya, elektron hukumat reytingi va sunʼiy intellekt masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtmoqda.

Seminar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi, “Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi va Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamkorligida tashkil qilindi.

Tadbirning oʻtkazilishi dan asosiy maqsad — davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy davlat xokimiyati organlari rahbarlarining raqamlashtirish boʻyicha oʻrinbosarlari, shuningdek, elektron hukumat va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishga maʼsul mutaxassislarning bilim va qoʻnikmalarini oshirish.

Tadbirning birinchi va ikkinchi kunlari sunʼiy intellekt texnologiyalari masalalariga bagʻishlangan edi. Treningni oʻtkazish uchun Estoniya davlatining yetakchi “MindTitan” kompaniyasidan xalqaro ekspertlar guruhi taklif etilgan. Ikki kunlik dastur davomida ishtirokchilar sunʼiy intellekt haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻldilar. Shu bilan birga, sunʼiy intellekt loyihalarini qanday yozishni, loyihalarning texnik jihatlarini va muvaffaqiyatga erishish ehtimoli katta boʻlgan loyihalarni jamiyatimizga tadbiq etishni oʻrgandilar.

Tadbirning uchinchi-beshinchi kunlarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida raqamlashtirish va elektron hukumatni joriy etish masalalari koʻrib chiqiladi. Unda davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda mahalliy davlat xokimiyati organlari rahbarlariga, Estoniyada davlat sektorini raqamlashtirishda koʻmaklashuvchi Estonian E-Governance Academy rahbari va ekspertlari tomonidan raqamli texnologiyalar va elektron hukumat boʻyicha treninglar oʻtkaziladi.

Uch kun davomida ishtirokchilar raqamli texnologiyalar va elektron hukumat toʻgʻrisida oʻz bilimini oshiradilar, davlat va xoʻjalik boshqaruv organlarida elektron hukumatni rivojlantirish, ustuvor soha va hududlarni raqamlashtirishda baholash mexanizmlarni oʻrganishadi.

 

Manba: https://xabar.uz/uz/texnologiya/toshkentdagi-amiti-universitetida-xalqaro-ekspertlar-ishtirokida