Yangilik 17.11.2021 314

“Binary” universitetining Urganch filialida xalqaro standartlar asosida taʼlim beriladi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Malayziyaning “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muhokamalar davomida universitetning Xorazm filialini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va Taʼlim inspeksiyasining o‘rganish natijalari, mazkur nodavlat oliy taʼlim tashkilotiga litsenziyani rasmiylashtirish hamda mamlakatimizda universitet tomonidan berilgan diplomlarni tan olish bilan bog‘liq qator masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv avvalida Taʼlim inspeksiyasi boshlig‘i mamlakatimizda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari sonini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va bu yo‘nalishdagi davlat talablari haqida maʼlumot berdi. – So‘nggi yillarda oliy taʼlim tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni muntazam oshib bormoqda. Oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida har bir hududda nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan.
Xorazm viloyatida ham xorijiy investorlar tomonidan mana shunday taʼlim maskani ochilayotgani biz uchun quvonarli voqea, – dedi Taʼlim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev. – Mamlakatimizda aholi soniga nisbatan yoshlarning ulushi oshib borayotganini hisobga olib, taʼkidlashim lozimki, Xorazm viloyatida mana shunday nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari filiallari sonining oshib borishidan biz ham manfaatdormiz. Umid qilamizki, “Binary” universiteti ham yurtimizdagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari qatorida mehnat bozoriga salohiyatli va raqobatbordosh kadrlarni yetkazib berishga xizmat qiladi. O‘z navbatida “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti asoschisi va rektori Jozef Adaykalam Taʼlim inspeksiyasi mutasaddilariga samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirar ekan, universitet tarixi va bugungi kundagi faoliyati va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
– Men oldin ham mamlakatingizda bir necha marotaba bo‘lganman. O‘tkazilgan saylov jarayonlarida kuzatuvchi sifatida qatnashib ko‘rdimki, O‘zbekiston kadrlar tayyorlash bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Shundan kelib chiqqan holda, biz uchun mamlakatingiz oliy taʼlim tizimiga investitsiya kiritish qiziqarli bo‘ldi. “Binary” universitetining o‘quv dasturlari Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya kabi mamlakatlar standartlari asosida shakllantirilganligini taʼkidlashim lozim, – dedi “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti rektori. – Bundan tashqari, bakalavr va magistratura bosqichi bitiruvchilariga diplom bilan birgalikda AQSHning Milliy standartlashtirish instutiti tomonidan akkreditatsiyalangan ISP sertifikati ham taqdim etiladi. Bu esa ularga mehnat bozorida o‘z o‘rinlarini topishlari uchun katta ustunlik beradi. Shuningdek, bizda bitiruvchilar kasb bilan birgalikda, tadbirkorlikka ham tayyorlab boriladi. Aynan mana shunday yondashuvlar asosida bugungi kunda bitiruvchilarimizning bandlik ko‘rsatkichlari o‘rtacha 96 foizni tashkil etmoqda.
Muzokaralar yakunida universitetda taʼlim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini davom ettirishga va belgilangan taʼlim faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yakuniy hujjatlar taqdim etilgach, mazkur oliygohga o‘rnatilgan tartibda litsenziya rasmiylashtirilishiga kelishib olindi.
Maʼlumot uchun, Malayziyaning “Binary” menejment va tadbirkorlik universiteti, 1984 yilda tashkil qilingan bo‘lib, universitetda 60 dan ortiq mamlakat talabalari tahsil oladi. 5 ta tadqiqot markazlari faoliyat yuritadi. Taʼlim muassasasining bakalavr bosiqichida 5 ta, magistratura bosqichida 11 ta va doktorantura bosqichida 3 ta yo‘nalish mavjud.
Universitetning Urganch shahridagi filiali 2020 yil 17 sentyabrda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur taʼlim muassasasida 124 nafar talaba tahsil olmoqda.


Manba: https://www.gov.uz/uz/news/