Yangilik 29.11.2021 331

Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Vengriyaga tashrif buyurdi

Tashrifning dastlabki kunida delegatsiya Vengriya Sanoat, ilmiy, innovatsion va texnologik parklar assotsiatsiyasiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida vazir I.Abdurahmonov Assotsiatsiya Prezidenti Norbert Moruj bilan uchrashdi. Uchrashuv doirasida tomonlar Oʻzbekiston va Vengriya ilmiy va texnologik parklari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi.

Vengriya Sanoat, ilmiy, innovatsion va texnologik parklar assotsiatsiyasi (IPE) 1994-yilda sanoat parklarini rivojlantirish i faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun tashkil etilgan tashkilot hisoblanib, hozirgi kunda oʻz faoliyati doirasida ilmiy, innovatsion va texnologik parklarni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Vengriya innovatsiya va texnologiyalar vazirligi huzurida faoliyat yuritadi.

Muzokaralar davomida mazkur assotsiatsiya va Toshkent shahrida barpo etilgan “Inno” texnoparki oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatib, bir qator yoʻnalishlarda qoʻshma tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi. Xususan, qoʻshma akseleratsiya-inkubatsiya dasturlarini tashkil qilish, hamkorlikda qoʻshma Oʻzbekiston-Vengriya startap loyihalar tanlovini amalga oshirish, loyihalarni tanlash va ularni baholash tizimini birgalikda koʻrib chiqish va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari  “Inno” texnoparkni Xalqaro sanoat, innovatsion va texnologik parklar assotsiatsiyasiga aʼzo sifatida kiritish boʻyicha amaliy qadamlar tashlanishiga kelishildi.

Shu bilan birga, Ibrohim Abdurahmonov Jismoniy tarbiya universiteti rektori Sterbenz Tamash bilan uchrashdi. Uchrashuv doirasida tomonlar jismoniy tarbiya, sport, sogʻliqni saqlash sohalarida ikki davlatda amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy ishlar va tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash tizimlari yuzasidan fikr almashishdi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda sohada faoliyat yurituvchi ilmiy tadqiqot institutlari bilan aloqalarni oʻrnatish, hamkorlikdagi ilmiy loyihalarni moliyalashtirish masalalariga toʻxtalib oʻtishdi.

Taʼkidlash joizki, Jismoniy tarbiya universiteti (University of Physical Education TE) 1925-yilda tashkil etilgan boʻlib, Vengriya va Sharqiy Yevropaning eng yirik jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishiga ixtisoslashgan oliy taʼlim va ilmiy muassasasi hisoblanadi.