Yangilik 21.12.2021 297

O‘zbekiston — Koreya: innovatsion texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni ilm-fan, innovatsion texnologiyalar, xususan, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, “aqlli shaharlar”, axborot texnologiyalari sohasidagi o‘zaro manfaatli, izchil aloqalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Aholi turmush darajasini oshirish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etish, ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash va shaharsozlik sohasini rivojlantirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Koreyaning Korea Land & Housing korporatsiyasi hamkorligida “Xalqaro innovatsion qurilish majmuasi va “Aqlli shahar” zamonaviy sunʼiy yo‘ldosh shahar barpo etish” qo‘shma investitsiya loyihasini amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda.

Loyiha doirasida Toshkent shahrining Bektemir tumanida 400 gektar maydonda “Smart-siti” barpo qilish uchun Koreyaning yirik kompaniyalari jalb qilinyapti. 2021 yilning aprel oyida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taklif etilgan Bektemir tumanida “Xalqaro innovatsion qurilish kompleksi va zamonaviy yo‘ldoshli aqlli shahar barpo etish” investitsiya loyihasi bosh reja texnik iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish uchun Koreya hukumatining “Aqlli shaharsozlik” dasturi doirasida grant mablag‘lari ajratiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga 16-17 dekabr kunlari oliy darajadagi tashrifi davomida Innovatsion rivojlanish vazirligi va Koreya Respublikasining Yer, infratuzilma va transport vazirligi o‘rtasida “aqlli shaharlar”ni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandum ikki strategik hamkor davlat o‘rtasida “aqlli shaharsozlik” sohasida o‘zaro tajriba, texnologiyalar, maʼlumot va inson resurslari almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalar, “aqlli uylar va shaharlar” barpo etish bo‘yicha mukammal treninglar, ekspertlar guruhini tashkil etish, o‘zaro tashriflarni yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini o‘z ichiga oladi.

Bektemir tumanida barpo etiladigan “Smart-siti” o‘z ichiga so‘nggi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xususan, “aqlli” ko‘chalar, binolar, kommunal va transport infratuzilmasi, ilg‘or AKT texnologiyalari bilan integratsiyalashgan davlat tashkilotlari idoralari, biznes-moliyaviy markazlar, ijtimoiy obyektlarni o‘z ichiga olishi loyihalashtirilmoqda.

Prezidentimizning Koreyaga tashrifi doirasida, shuningdek, nodir metallar, mis va ularning qotishmalari ishlab chiqarish texnologiyasi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha Innovatsion rivojlanish vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ va Koreya sanoat texnologiyalari instituti o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Memorandum doirasida mis sanoatiga texnologiyalar transferi, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ilm-fan va innovatsiya bo‘yicha o‘zaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yiladi.

2020-2021 yillarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 10 nafar xodimi Koreya sanoat texnologiyalari institutiga ilmiy stajirovkaga yuborildi. Hozirgi kunda Koreyaning Nodir metallar markazi va Koreya sanoat texnologiya instituti (KIRAM) bilan kelishuvga asosan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yosh mutaxassislari uchun KIRAM mutaxassislari tomonidan kukunli metallurgiya, additiv texnologiyalar, qoplamalarni quyish texnologiyasi mavzulari bo‘yicha onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi.

Shuningdek, “INNO” o‘quv va ishlab chiqarish texnoparkiga Koreyada ishlab chiqarilgan metall kukunidan detallar ishlab chiqaradigan Metalsys 3D printer o‘rnatildi va hozirda xorijdan katta mablag‘ga xarid qilinadigan turli sohalarda foydalaniladigan noyob, qimmatbaho detallarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Yaqin kunlarda aynan mis kukuniga ishlov berishga mo‘ljallangan shunday printer olib kelinadi.

Bu arzon narxlarda import o‘rnini bosuvchi texnik vositalarni yaratishimizga xizmat qiladi.

Umuman olganda, Koreya Innovatsion rivojlanish vazirligining muhim hamkorlaridan bo‘lib, bugungi kunda ilm-fan sohasida ham ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, fundamental loyihalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Fanlar Akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi hamda Janubiy Koreyaning Yonnam universiteti birgalikda uzum genomlarini chuqur tahlil qilish, nomzod genlar va markerlarni aniqlash xamda uzumning danaksiz yangi navlarini yaratish qonuniyatlarini tadqiq etmoqda. Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti Xankuk xorijiy tadqiqotlar universiteti bilan bulak-polinomial bazislarda signallar va tasvirlarga raqamli ishlov berishning intellektual dasturiy-texnik tizimlarini yaratish bo‘yicha nazariy-metodologik ish olib bormoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, zamonaviy fan-taʼlim yo‘nalishlarida yangi infratuzilmalarni tashkil qilish, ilmiy faoliyat samaradorligi va moliyalashtirilishni taʼminlash, innovatsion tadbirkorlik va startap korxonalarni tashkil qilish hamda yosh avlodni tarbiyalashni yo‘lga qo‘yish orqali innovatsion ekotizim, tijoratlashtirish tafakkurini shakllantirish borasidagi ishlarni samarali tashkil qilish uchun Janubiy Koreyadan vazirlikka maslahatchi sifatida Kim Jong Xyon jalb qilingan edi. Uning vazirligimizdagi faoliyati davomida Koreyaning startaplar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirishni ichiga olgan holda innovatsion ekotizimni rivojlantirish tajribasi yurtimizga tatbiq etildi. 2021 yilda mahalliy va xalqaro tanlovlar doirasida jami 38,8 milliard so‘mlik 55 ta startap loyiha moliyalashtirishga tavsiya etildi. Mazkur tanlovlarni tashkil etish, tanlov mezonlarini belgilashda koreyalik maslahatchi taqdim etgan tavsiyalarning ham o‘z o‘rni va salmog‘i bor, deb bemalol aytish mumkin.

Vazirligimiz tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Koreya Respublikasining rivojlanish uchun rasmiy yordam dasturi bilan hamkorlikda O‘zbekiston — Koreya nodir metallar va qattiq qotishmalar texnologik markazi tashkil etilgan bo‘lib, hozir uni modernizatsiyalash ishlari olib borilmoqda. Markazda OKMK hisobidan 2024 yilgacha laboratoriya uskunalarini o‘rnatish jarayoni uch bosqichda amalga oshiriladi. Ayni paytgacha 1,1 million dollar qiymatidagi ishlar bajarildi.

Chirchiq shahridagi Nodir metallar markazini rivojlantirish uchun Koreyaning ODA dasturi doirasida 15,5 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘i jalb qilinmoqda. Bugungi kunda loyihaning texnik-iqtisodiy asosnomasini ishlab chiqish ishlari Koreyaning Nodir metallar instituti tomonidan olib borilyapti. Grant mablag‘lari hisobiga sanoat-tajriba uskunalarini yetkazib berish hamda Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan Koreya ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish instituti hamkorligida nodir metallar sanoatini rivojlantirish, Toshkent viloyatining ilmiy-texnikaviy salohiyatini oshirish va xalqaro bozor narxida imtiyozli shartlar asosida Janubiy Koreyaga molibden eksportini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilgan yana bir loyiha, bu — innovatsion issiqxonalar bo‘lib, hozirda Andijon viloyatining Marhamat tumanida 0,25 gektar yer maydoniga qovun yetishtirish issiqxonasi hamda Toshkent viloyatida qulupnay yetishtirishga mo‘ljallangan zamonaviy issiqxona qurib bitirildi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi “O‘zavtosanoat” AJ bilan hamkorlikda Jonbuk texnoparki tomonidan taklif etilgan ODA dasturining beg‘araz ko‘magi asosida siqilgan tabiiy gaz asosida ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish bo‘yicha loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida mamlakat qishloq xo‘jaligi texnikalarini to‘rtinchi avlod ekologik toza siqilgan tabiiy gaz ballon yoqilg‘isiga o‘tkazish hamda R&D tadqiqot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Bunday gaz ballonli uskuna dvigatel uchun xavfsiz, kam xarajatli bo‘lib, gaz balonning ishlashiga haydovchining minimal aralashuvi talab etiladi.

Loyihada Jonbuk texnoparki tomonidan 10 million AQSH dollari qiymatida texnologiyalar transferi va R&D tadqiqot markazi xodimlarining Janubiy Koreyada malakasini oshirish, “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan 3 million AQSH dollari qiymatida bino bilan taʼminlash, binoni saqlash hamda tadqiqot markazining xodimlarga maosh to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish yo‘lidagi amaliy harakatlarning amaliy ko‘zgusi bo‘ldi. Va eng muhimi, xalqlarimizni yana-da jipslashtirish yo‘lida tarixiy qarorlar qabul qilindi.

Ibrohim ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi

innovatsion rivojlanish vaziri,

akademik

 

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-56