Yangilik 21.12.2021 328

2021-yil 21-dekabr kuni “O‘zbekiston yoshlar forumi-2021” doirasida “Startap tashabbuslari” yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap-loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi 5-davrining “Demo day” yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi.

2021-yil 21-dekabr kuni “O‘zbekiston yoshlar forumi-2021” doirasida “Startap tashabbuslari” yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap-loyihalarini qo‘llab-quvvatlash dasturi 5-davrining “Demo day” yakuniy tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Unda respublika boʻylab 40 ta eng istiqbolli startap loyihalari oʻz startaplarini rivojlantirish uchun tekin investitsiya sifatida pul mukofotlarini oldilar.

“Startap tashabbuslari” – bu yoshlar, xususan, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda kasb-hunar kollejlari va litseylari bitiruvchilarining innovatsion g‘oyalari va startap loyihalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks dastur. Ushbu dastur Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining hamda BMT Taraqqiyot dasturi “O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qo'llab-quvvatlash dasturining 5-davrida ishtirok etish uchun arizalar onlayn qabul qilindi va kelib tushgan arizalar soni oldingi davrlariga nisbatan ancha ko’prok bo’ldi. Dasturda ishtirok etish uchun respublikaning barcha hududlaridan 905 ta ariza kelib tushdi, bu avvalgi davrga nisbatan 38 foizga ko‘pdir. Loyihalarda ishtirok etayotgan yoshlarning umumiy soni jamoa a’zolarini hisobga olgan holda 1972 nafarni tashkil topdi, shundan 559 nafari qizlardir.

Qabul qilingan arizalarni o‘rganish asosida ekspertlar jamoasi 601 ta loyihani tanlab oldi va bu loyihalar bilan Zoom dasturi yordamida onlayn intervyu o‘tkazildi.

Suhbat natijalariga ko‘ra, Toshkent shahri va viloyatlardan 247 ta jamoa ta’lim dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi, unda ishtirokchilar startaplarni ishga tushirish asoslarini o‘rgandilar, trekerlar (individual biznes-ustozlar) bilan muntazam ishladilar, malakali ekspertlar va muvaffaqiyatli tadbirkorlar mahorat darslari va maslahatlarida qatnashdilar vа Accelerator.uz platformasi orqali loyihalarini takomillashtirishga muvaffaq bo'ldi.

92 ta jamoa akseleratsiya dasturining final bosqichiga muvaffaqiyatli o‘tdi va o‘z loyihalarini mutaxassislarga onlayn tarzda taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Mutaxassislar guruhi “O‘zbekiston yoshlar forumi-2021” doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligining binosida 21 dekabr kuni bo’lib oʻtgan “Demo day” yakuniy tadbirida respublika boʻylab 40 ta eng istiqbolli startap loyihalarini (har bir viloyatdan 2 tadan 5 tagacha) gʻolib boʻlish uchun tanlab oldi.

G’oliblarga “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan 1,0 milliard so‘m, BMT Taraqqiyot dasturi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” qo‘shma loyihasi tomonidan esa 100 ming AQSh dollari miqdorida maqsadli grant mablag‘lari ajratildi. Demo Day ma'ruzachilari, shuningdek, C-Space va Ground Zero kovorking markazlaridan bepul yo'llanmalar oldi.

Qo'llab-quvvatlash dasturining beshinchi davri Rossiya Federatsiyasi va Yaponiya hukumatlari moliyaviy ko’magida BMTTD va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasi doirasida “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Bandlik va mеhnаt munosabatlari vаzirligi