Yangilik 17.01.2022 242

Telemeditsina rivojlanmoqda

So'nggi yillarda yurtimizda tibbiyot sohasida ko'plab samarali ishlar amalga oshirildi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 1-apreldagi «Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo'yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to'g'risida» PF-6198-son Farmoni e'lon qilinishi ortidan har bir viloyatdagi bittadan tumanlar «Innovatsion hududga aylantirilayotgan tumanlar ro'yxati»ga kiritildi. Innovatsion rivojlanish vaziri va viloyatlar hokimlarining birgalikdagi tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq Samarqand viloyatining Urgut va Toshkent viloyatining Ohangaron tumanlarida telemeditsina xizmatini tashkil etish belgilandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan startap tanlovida g'olib bo'lgan Innovative Developers MChJ tomonidan telemeditsina xizmatini tashkil etish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan dunyodagi telemeditsina uskunalari va dasturiy mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan muzokaralar olib borilib, kerakli asbob-uskunalar xarid qilinib, ishga tushirilmoqda. Shu bilan birga hududlardagi bemorlarga maslahat olish uchun xorijiy va mahalliy tibbiyot markazlari, klinikalari bilan hamkorlik boshlab yuborildi.

O'tgan hafta Innovative Developers MChJ va AQShning ProMED career institute tashkiloti, Turkiya tibbiy turizm assotsiatsiyasi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining ko'p tarmoqli klinikasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Mazkur memorandumlar doirasida tomonlar quyidagi yo'nalishlarda faoliyat olib boradilar:

a) olis hududdagi bemorlarga malakali va sifatli tibbiy xizmat ko'rsatishni telemeditsina xizmati orqali amalga oshirish;

b) masofadan turib tashxis qo'yish, masofadan turib davolash ishlarini amalga oshirishni takomillashtirib borish;

v) gifokorlarning bemorlarni tashxislash rejasi, davolash taktikasi, profilaktika yo'nalishlari bo'yicha maslahatlashuvi va konsiliumini olib borishni rivojlantirish;

g) bemorlarni telemeditsina xizmatlari orqali real vaqtda tekshirish va davolash imkoniyatlarini oshirish;

d) telemeditsina xizmati orqali tibbiyot muassasalarini ixtisoslashgan tibbiyot markazlari hamda xorijiy klinikalar bilan integratsiyasini ta'minlash;

e) telemeditsina xizmati bo'yicha master klass, amaliy tadbirlar, treninglar, davra suhbatlari o'tkazishni yo'lga qo'yish;

j) telemeditsina xizmati haqida ommaviy axborot vositalarida yoritib borish va telemeditsina tarmoq xizmatlarini rivojlantirish.

Ta'kidlab o'tish kerakki, butun jahonda rivojlanishning yangi bosqichiga chiqayotgan, COVID 19 pandemiyasi sharoitida yanada dolzarb tus olgan telemeditsina xizmatlarini joriy qilish hozirgi kundagi dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

«Telemeditsina» masofadan turib tibbiy xizmat ko'rsatishni tashkil etish, tibbiyot xodimlarining telekommunikatsiya, internet texnologiyalari yordamida o'zaro hamkorligini o'rnatib, tibbiy xizmat sifatini oshirishdan iborat. Telemeditsina turli xil tibbiy xizmatlarni (bemorning ahvolini kuzatish, maslahat berish, o'qitish), shuningdek, telekommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tibbiyot xodimlarining o'zaro hamkorligini masofadan turib ta'minlash uchun mo'ljallangan.

Telemeditsina xizmatini tashkil etish natijasida hududlardagi insonlar ham malakali va sifatli tibbiy xizmatdan bevosita foydalanish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Telemeditsina natijasida pul`monolog, kardiolog, nevropatolog, nefrolog, otorinolaringolog (LOR), ginekolog shifokorlari bilan aloqa o'rnatilishi rejalashtirilgan.

Xususan Ohangaron va Urgut tumanlaridagi fuqarolar nafaqat yurtimizdagi, balki xorijdagi mutaxassislardan ham tibbiy maslahatlar olish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Buning uchun tashkilot tomonidan xorijdagi tibbiyot muassasalari, xususan, Hindiston, Koreya davlatlaridagi tibbiyot muassasalari bilan ham muzokaralar olib borilmoqda.

Tibbiyot markazlari nafaqat poytaxtda, balki har bir viloyatlar markazlari, shuningdek, tumanlar markazlarida ham bo'lishi hamda o'sha erdagi aholi ham o'z yashash joyida malakali va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi zarur. Tashkil etilayotgan xizmat tufayli viloyat aholisi Toshkentga kelmasdan turib, malakali mutaxassislar, dotsent va professorlardan davo hamda tibbiy maslahat olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

Manba: