Yangilik 01.02.2022 121

2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasi Ilm-fan va innovatsiyalar bo'yicha milliy ma'ruzasi loyihasi muhokama qilindi

So'nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va natijadorligini oshirish bo'yicha aniq maqsadga yo'naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan milliy ilm-fan va innovatsiya tizimining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotdagi o'rnini oshirish, hududlarda ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish maqsadida qator ishlar yo'lga qo'yildi.

Joriy yilning 2-fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida «2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasi Ilm-fan va innovatsiyalar bo'yicha milliy ma'ruzasi»sining keng ilmiy omma, hamda vazirlik va tashkilotlar ishtirokida muhokamasi bo'lib o'tdi. Onlayn tarzda o'tkazilgan muhokamada 270 nafardan ortiq manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari, ilmiy jamoatchilik vakillari, xususiy sektor, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning vakillari va boshqa manfaatdor shaxslar onlayn tarzda ishtirok etdilar.

O'zbekiston Respublikasida ilm-fan va innovatsion rivojlanish bo'yicha «Milliy ma'ruza» mamlakatning ilmiy salohiyati holati, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning moliyalashtirilishi, tarmoq, vakolatli idoralar faoliyatining rivojlanishi bo'yicha tahliliy ishlanmalar va ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. «Milliy ma'ruza» ilm-fanning ortda qolayotgan yo'nalishlari bo'yicha boshqaruv qarorlarini qabul qilish va iqtisodiyotning real sektoriga integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

Shuningdek, mazkur ma'ruza orqali mahalliy olimlarning, tadqiqotchilarning jahon va O'zbekiston ilm-fan va innovatsiyalar sohasida hamda belgilangan ustuvor ilm-fan yo'nalishlari rivojlanish tendentsiyalari, ilmiy faoliyat natijalari va yutuqlari to'g'risida xabardorligini oshirish ko'zda tutilgan.

Manba: https://mininnovation.uz/news/post-351