Yangilik 08.02.2022 399

Alisher Navoiy “Gʻazaliyot devoni”ning faksimile nashri

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil, 9-fevral sonida OʻzRFA vitse-prezidenti, tarix fanlari doktori, professor Bahrom Abduhalimovning “Alisher Navoiy “Gʻazaliyot devoni”ning faksimile nashri” nomli maqolasi eʼlon qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 19-oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida Alisher Navoiy asarlarining faksimile nashrlarini amalga oshirish masalasiga alohida urgʻu berilgani bejiz emas. Zero, Navoiy asarlarining barcha nashrlarini ham talab darajasida amalga oshirilgan, deb boʻlmaydi. Baʼzi soʻzlarning imlosida vujudga kelgan xatoliklar tufayli ulugʻ mutafakkir aytmoqchi boʻlgan asl maʼnodan chalgʻib ketish yoki erkin talqin etish holatlari ham uchrab turadi. Shu maʼnoda, Navoiy asarlari qoʻlyozmasini tadqiq etish va ularning asl nusxasini (faksimile shaklida) ilm ahli va xalqqa taqdim etib borishga doimiy ehtiyoj seziladi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tomonidan yaqinda nashr etilgan Alisher Navoiyning “Gʻazaliyot devoni” faksimilesi mazkur qaror ijrosining amaliy natijalaridan biri boʻldi, deyish mumkin. Ushbu kitob institut fondidagi Alisher Navoiy “Gʻazaliyot devoni” nomli noyob qoʻlyozmasining faksimile nashri hisoblanadi. U mustaqilligimizning 30 yil ­ ligiga va Navoiyning 580-yillik sanalariga bagʻishlanadi.

Qoʻlyozma asar Navoiy hayotligi chogʻi — 1492-­1493-yilda, uning zamondoshi “xattotlar sultoni” nomi bilan mashhur boʻlgan Sultonali Mashhadiy (1432­1520) tomonidan yuksak did bilan koʻrkam nastaʼliq xatida koʻchirilgan. Devondan muallifning 335 ta gʻazali oʻrin olgan.

Maʼlumki, Sultonali Mashhadiy uzoq vaqt Temuriylar saroyida faoliyat yuritgan. Ushbu xattot ijodiy faoliyatining eng barq urgan yillari Husayn Boyqaro hukmronligi (1469­1506) va Navoiy ijod etgan davrga toʻgʻri keladi. Qoʻlyozma XV asr Hirot kitobat sanʼatining yuksak namunalaridan hisoblanadi. Sheʼrlar matni har bir varaqda ikki ustunli jadvalga boʻlib koʻchirilgan, atrofi ziynatlangan. Boshlanishida oltin suvi bilan nafis frontispis ishlangan.

Chop etilgan ushbu kitobga professor A.Erkinov va PhD O. Madaliyeva tomonidan oʻzbek, ingliz va rus tillarida kirish tadqiqoti yozilgan, shuningdek, devonning xususiyatidan kelib chiqib, ikkita ilova shakllantirilgan. Tadqiqot mualliflarining fikriga koʻra, ushbu qoʻlyozma 1492­1498-yillar davomida tuzilgan “Xazoyin ul­maoniy” devonlar majmuasining protodevoni boʻlishi mumkin.

“Proto” (proto) coʻzi “birinchi”, “dastlabki”, “boshlangʻich” degan maʼnolarni anglatib, biror narsaning dastlabki, endi­endi shakllanayotgan bosqichini bildiradi. “Gʻazaliyot devoni”ning 898/1492-yilda, yaʼni “Xazoyin ul­maoniy”ning tartib berish jarayonlari boshlangan vaqtda koʻchirilgani va albatta, qoʻlyozmaning tarkibi uning mazkur devonlar majmuasiga nisbatan protodevon boʻlganiga asoslar yaratadi, deydi tadqiqot mualliflari.

Professor Hamid Sulaymonov (1910­1979) oʻz vaqtida bu qoʻlyozma varaqlarining ayrimlari yirtilgan va shu munosabat bilan yuzta gʻazal tushib qolgan boʻlishi mumkinligini qayd etgan edi. Tadqiqotlar natijasi baʼzi oʻrinlarda uzilishlar mavjudligi, ammo ular u qadar koʻp emasligini koʻrsatdi.

"Gʻazaliyot devoni” qoʻlyozmasining muhim jihatlaridan yana biri — u maʼlum muddat Qoʻqon xoni Amir Umarxon (1809­1822) kutubxonasida saqlangan. Nusxaning ayrim varaqlariga qoʻyilgan Umarxonning ikki xil muhri ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Asarning ushbu asl nusxasi oʻzida buyuk mutafakkirning ilmiy­ijodiy merosini saqlash bilan birga uning koʻchirilgan davri kitobati, miniatyurasi, xattotligi, muqovasozligi kabi sanʼatning bir necha turlarini ham oʻzida mujassam etgan. Shu sababdan ham ushbu faksimile nashr mutaxassislardan tashqari sanʼatsevar xalqimizni Navoiy asarlarining asl matni bilan tanishtirib, ularni oʻsha davr betakror sanʼat namunalaridan ham bahramand etadi.

Ushbu turdagi nashr noyob qoʻlyozmaning umrini uzaytirish va butun dunyo mutaxassislarini asl matndan foydalana olishlari uchun imkon yaratish kabi maqsadlarni koʻzlab amalga oshiriladi. Ayni vaqtda Alisher Navoiy “Gʻazaliyot devoni” qoʻlyozmasining yangi faksimile nashri navoiyshunos mutaxassislarga va xalqimizga munosib tuhfa boʻldi.