Yangilik 15.02.2022 137

Nufuzli ilmiy jurnalda O'zbekistonda eng keng tarqalgan koronavirus mutatsiyalari bo'yicha maqola chop etiladi

Unda qayd etilishicha, vaqt o'tishi bilan koronavirus genomidagi mutatsiyalarning bir nechta yangi variantlari tezlik bilan paydo bo'layotgani sababli, ma'lum bir mintaqaning SARS-CoV-2 genotiplarini davriy ravishda genom ketma-ketligini aniqlab borishga doimiy ehtiyoj tug'ilmoqda. Bu global pandemiya sharoitida virusga qarshi diagnostika, monitoring va davolash vositalarini o'z vaqtida ishlab chiqish uchun zarur.

Ushbu maqsad yo'lida Genomika va bioinformatika markazi olimlari O'zbekistonning Toshkent viloyatidan pandemiyaning birinchi to'lqini davri, ya'ni 2020 yilning noyabr`, dekabr` oylarida COVID-19 ga PZR-musbat deb topilgan 32 ta bemorning namunalaridan olingan SARS-CoV-2 genotiplari orasidan 18 ta yuqori sifatli to'liq genom ketma-ketligi ma'lumotlarini Xalqaro ma'lumotlar bazasiga joyladi. Namuna genomlaridagi nukleotid ketma-ketliklarning polimorfizmlari, shu jumladan, koronavirus genomining kodlash hududlarida nosinonimik (missense) va sinonimik mutatsiyalar aniqlandi.

O'sha paytdagi koronavirus variantlari genom sekvenslari Afrika va Yaqin Sharq hamda Evropa va Shimoliy Amerika shtammlariga o'xshashligi aniqlandi. Demakki, koronavirus O'zbekistonga xalqaro sayohatlar tufayli kirib kelgani tasdiqlanadi. Ya'ni birinchi to'lqin bemorlari Uxan shtammining Afrika, Yaqin SHarq, Evropa, Shimoliy Amerika variantlari bilan kasallangan.

Filogenetik tahlil 14 ta to'liq genom namunalar ketma-ketligini (1, 2, 4, 5, 8, 10-15, 17, 32) G sinfiga (yoki GR pastki sinfiga) va to'rtta butun genom namuna ketma-ketligini S sinfiga (3, 6, 25, 27) guruhladi. Jami, 45 ta umumiy va 83 ta noyob mutatsiyadan iborat 128 ta mutatsiya aniqlandi. Ulardan to'rttasi upstream mutatsiyasini, oltitast down-stream mutatsiyasini, 50 tasi sinonimik va 67 tasi missense (ma'nosiz) mutatsiyani ifodalaydi.

Mazkur ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasidan olingan birinchi koronavirus genom ketma-ketligi ma'lumotlari bo'lib, u global koronavirus ketma-ketligi ma'lumotlar bazasini boyitish, kelgusidagi qiyosiy tadqiqotlar o'tkazishga xizmat qiladi. Eng muhimi, ushbu tadqiqotda olingan koronavirus genotiplarining ketma-ketligi ma'lumotlari mahalliy va mintaqaviy darajada COVID-19 kasalligini taqqoslash, diagnostika qilish, monitoring qilish va davolash uchun foydali manba bo'lib xizmat qiladi.