Yangilik 10.08.2022 259

Parkent tumanida dorivor o‘simliklardan ekstraktlar olish yo‘lga qo‘yildi

Loyihaning umumiy qiymati 4,9 mlrd. so‘m bo‘lib, undan 3,85 mlrd. so‘m korxonaning o‘z mablag‘lari bo‘lsa, 1,07 mlrd. so‘m Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan tijoratlashtirish uchun davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirilgan hamda 15 ta ishchi o‘rni yaratilgan.

“Yuma Green” MCHj tomonidan uzum urug‘i ekstraktini qayta ishlash natijasida polifenollar, uzum qovug‘idan resveratrol anor po‘stlog‘i ekstraktidan polifenollar va punikalin, qizilmiya ildizidan glabridin va glisirizin kislotasi va boshqa dorivor ekstraktlar olinadi.

2022 yilda ishlab chiqarish hajmi 1,5 tonna va qiymati 27 500 AQSh dollariga teng bo‘lgan  ekstraktlar ishlab chiqariladi. 2026 yilga borib, yillik ishlab chiqarish hajmi  67 tonnaga yetkaziladi va qiymati 1,4 mln AQSh dollariga teng ekstraktlar ishlab chiqariladi, shundan 737,5 ming AQSh dollariga teng  ekstraktlar eksport qilinadi.

Loyiha doirasida:

Yosh olimlarni va kichik ilmiy xodimlarni laboratoriya sharoitidan ishlab chiqarishga tatbiq qilish jarayonini to‘liq o‘zlashtirish va barcha ishlab chiqarish jarayonlarida ilmiy xodimlarning ishtirokini ta’minlash, mahalliy dorivor o‘simliklarni ekstraksiya yo‘li bilan qayta ishlab farmasevtika, oziq-ovqat va kosmetologiya korxonalariga hozirgi kunda chet ellardan import qilib olib kelinayotgan xom ashyolarni yetkazib berish,  mahalliy xom ashyoni (o‘simliklarni) chuqur qayta ishlashini ta’minlash va mahsulotlarni eksport salohiyatini oshirish ko‘zda tutilgan.