Yangilik 06.11.2022 3182

Doktoranturaga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo'lmagan talabgorlarga imtiyozlar berildi


Milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish tartibi Prezident Administrasiyasining joriy yil 4 noyabrdagi №02-PA 1/1-1672 topshirig'iga muvofiq, oliy ta'limdan keyingi ta'lim ixtisosliklariga tanlovlarda ishtirok etuvchi talabgorlardan birinchi o'quv yili davomida joriy etiladi. Bunda, oliy ta'limdan keyingi ta'lim institutiga qabul qilingan izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasiga belgilangan darajadagi til sertifikatini olish talabi qo'yiladi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 maydagi PQ-5117-son qaroriga muvofiq 2022/2023 o'quv yilidan boshlab oliy ta'limdan keyingi ta'lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etish tartibini joriy etish belgilangan.

SHunday qilib, milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabgorlar doktoranturaga kirish tanlovida ishtirok etishlari mumkin. Mazkur sertifikatlarga ega bo'lmagan talabgorlar xorijiy til bo'yicha imtihonlardan o'tishlari talab etiladi. Mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabgorlar xorijiy til bo'yicha imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan hisoblanadi.

O'qishga qabul qilingan izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasiga birinchi o'quv yili (kurs) davomida belgilangan darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish vazifasi belgilanadi. Innovasion rivojlanish vazirligi oliy ta'limdan keyingi ta'limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va ta'lim muassasalariga ega vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda birinchi o'quv yili yakunida izlanuvchilarning xorijiy til bo'yicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olganligi bo'yicha o'rganish (monitoring) natijalariga asosan ularni keyingi bosqichga o'tkazish tartibini ishlab chiqadi.

Doktoranturaga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish talabi bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

SHuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.10.2022 yildagi PQ-407-sonli «O'zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida»gi Qarori (https://lex.uz/docs/6248467)ga ko'ra, davlat oliy ta'lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta'limdan keyingi ta'lim ixtisosliklariga o'qishga qabul qilishda ko'rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo'lgan shaxslar tomonidan xorijiy tilni bilish bo'yicha milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatni taqdim etish talab etilmaydi.