Yangilik 09.05.2023 195

Geoaxborot tizimlari va sunʼiy intellektni yanada rivojlantirish boʻyicha muzokaralar olib borildi

Joriy yilning 10-may sanasida Innovatsion rivojlanish agentligi direktori O.Toʻychiyev Xitoyning “SuperMap International” kompaniyasining regional markazi bosh menejeri Evelin Sun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Urashuvda ilmiy-tadqiqot va xizmat koʻrsatish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, jumladan kelgusida mintaqada geoaxborot tizimlaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatish sohasini kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borildi. Jumladan, qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, gidrometeorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirishda yerni masofadan turib zondlash, yoʻldosh aloqa, navigatsiya tizimlarini qoʻllash masalalarida tadqiqotlar olib borishga koʻmaklashish istiqbollari yuzasidan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Unga koʻra hamkor tashkilot bilan kelgusida hamkorlikda qoʻshma ilmiy loyihalar, shuningdek, yosh tadbirkorlar yoki tadqiqotchi yoshlarning gʻoyalarini amalga oshirish uchun xizmat qiladigan startap loyihalarni hamkorlikda moliyalashtirib, amalga oshirilishi yuzasidan kelishib olindi.


Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyot sohalarida “ilgʻor innovatsiyalar hududi”ga aylantirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari ham muhokama etildi.


Suhbat yakunida tomonlar joriy yilning may oyida Xitoyning “SuperMap Software” kompaniyasi hamkorligida seminar-treninglar tashkil etilib, kompaniya vakillari tomonidan bir haftalik kurslar tashkil etilishi reja qilib olindi.