Yangilik 06.11.2023 317

YEVROPA ITTIFOQINING “PROMHOUSE” LOYIHASI FAOLIYATI SARHISOB QILINDI

7-noyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida Yevropa Ittifoqining “Promhouse – Qozog‘iston va O‘zbekistonda uy-joy fondini boshqarishni professionallashtirish” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Xalqaro anjumanda Yevropa Ittifoqining Qozog‘iston va O‘zbekistondagi vakolatxonalari mas’ullari, “Promhouse” loyihasi hamkor davlatlarining ixtisoslashgan vazirlik va idoralari vakillari, soha mutaxassislari, ekspertlar ishtirok etdi. 

Tadbirni O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi Professional taʼlim tizimini rivojlantirish departamenti rahbari O‘tkir Alijonov kirish so‘zi bilan ochib, loyiha qatnashchilari va konferensiyaga tashrif buyurganlarni qutladi va vazirlik bu loyihaga munosib hissa qo‘shganidan mamnunligini bildirdi. 

Anjumanda 2020–2023-yillar davomida qilingan ishlar sarhisob qilindi. Qayd etilganidek, loyihaning asosiy yutug‘i kasb-hunar ta’limi sohasiga yangi mutaxassisliklarni joriy etishdir. Jumladan, Qozog‘istonda ko‘chmas mulk boshqaruvchisi kasbi hamda ko‘p kvartirali uy boshqaruvchisi va uy ustasi mutaxassisliklari, O‘zbekistonda esa ko‘chmas mulk menejeri va uy ustasi (House Master) kasblari uchun standartlar yaratilib, professional ta’lim muassasalarida ushbu kasblar bo‘yicha yoshlar o‘qitila boshlandi.

Loyiha davomida “Training of Trainers” (ToT) ta’lim dasturi amalga oshirildi. U 256 akademik soatga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘qituvchilar 9 ta mamlakat Germaniya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Moldova, Belarus, Ukraina, Latviya, Litva va Estoniyadan jalb qilindi. Dasturda loyihaning hamkor mamlakatlari uy-joy xo‘jaligining 1300 ga yaqin mutaxassislari ishtirok etdi. Trening “uy-joylarni boshqarish”, “raqamlashtirish”, “turar-joy binolarida energiya samaradorligi”, “uy ustasi”, “kasbiy tayyorgarlikni tashkil etish”, “kommunikatsiya” modullar bo‘yicha o‘tkazildi. 

Loyihaning ko‘plab ishtirokchilari mintaqaviy tajriba almashishni (3 ta konferensiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonga 2 ta ta’lim safari, Germaniya va Estoniyaga 2 ta ta’lim safari) ijobiy e’tirof etdi. Loyiha uy-joy sohasida tajriba almashish Markaziy Osiyo uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatgani alohida ta’kidlandi. 

“Bugungi kunda uy-joy qurilishi bilan bog‘liq muammolar ko‘p qavatli uylarni professional boshqarish, uy-joylarni modernizatsiya qilish, binolarning energiya samaradorligini oshirish, mutaxassislarni tayyorlash-mintaqadagi barcha mamlakatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish orqali samarali bartaraf etilishi mumkin", – deydi Saken Mahambetov, “Shanirak” BVT raisi (Ostona).

“Promhouse kabi Yevropa loyihalari ko‘proq bo‘lishi kerak. Yevropa Ittifoqi loyihasi sheriklarga nafaqat Germaniyadan, balki 90-yillarda Uy-joy fondida O‘zbekistondagiga o‘xshash boshlang‘ich vaziyatga ega bo‘lgan Yevropa ittifoqi va Sharqiy Yevropaning ko‘plab mamlakatlaridan uy-joylarni boshqarish bo‘yicha tajriba va nou-xaularni o‘zlashtirish imkoniyatini yaratdi. Bu biz uchun juda qimmatlidir. Loyiha bizga uy-joyni boshqarish sohasini professionallashtirishga yordam berdi”, – Rahima Ortiqova, Uyushma.uz rahbari (Toshkent shahri).