Yangilik 08.07.2024 47

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Global biznes va savdodagi o‘zgaruvchan trendlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya va tadqiqot simpoziumi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8-9-iyul kunlari Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Global biznes va savdo xalqaro akademiyasi hamda Koreya xalqaro savdo va tadqiqotlar institutining yilda ikki marta o‘tkaziladigan “Global biznes va savdodagi o‘zgaruvchan trendlar” (Traversing the Changing Landscape in Global Business and Trade) mavzusidagi 32-Xalqaro konferensiya va tadqiqotlar simpoziumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur nufuzli xalqaro konferensiyada Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Filippin, Ruminiya, Germaniya, AQSH, Avstraliya, Kanada, Indoneziya, Malayziya, Polsha,  Ispaniya,  Vetnam kabi yigirmaga yaqin davlatlardan xorijiy ekspertlar, mutaxassislar hamda mamlakatimizdagi olimlar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, soha mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Konferensiyadan ko‘zlangan maqsad ‑ jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ilmiy tadqiqot va ekspertlar fikrlari bilan o‘rtoqlashish, bu orqali milliy iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishini ta’minlashda ilmiy asoslangan amaliy takliflarni ilgari surish, jahonning rivojlangan davlatlari tajribasidan, texnologiyalari va ilmiy yutuqlaridan foydalanish, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, kuchli raqobat sharoitida biznesni rivojlantirish va zamonaviy savdo uslublarini joriy etishda sohada malakali kadrlar tayyorlash hisoblanadi.

O‘tkazilgan mazkur Xalqaro konferensiya va tadqiqotlar simpoziumi nafaqat xorijiy tajribalarni o‘rganish, balki mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishida ilmi va kreativ fikrlashi bilan o‘zining hissasini qo‘shadigan kadrlar yetishtirib chiqarishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.