Yangilik 21.06.2021 108

“Oʼzbekiston uchun 100 gʼoya” loyihasiga bagʼishlangan matbuot anjumani boʼlib oʼtdi

Shu yilning 27 yanvar kuni boʼlib oʼtgan videoselektor yigʼilishida Prezident Shavkat Mirziyoev iqtidorli yoshlarni kashf qilish, ularning tashabbus va intilishlarini har tomonlama qoʼllab-quvvatlash maqsadida «Oʼzbekiston uchun 100 gʼoya» loyihasini amalga oshirishni taklif qilgan edi. Loyiha doirasida shahar va qishloqlardagi tashabbuskor yoshlarning iqtisodiyot, taʼlim, sport, sogʼliqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi sohalardagi gʼoyalarini roʼyobga chiqarish uchun sharoit yaratilishi koʼzda tutilgan. 

Mazkur tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha boʼlgan Oʼzbekiston yoshlari mamlakatni rivojlantirishga oid, shuningdek, muayyan sohada mavjud muammoga yechim boʼla oladigan gʼoya va takliflari bilan ishtirok etishi koʼzda tutilgan. 

Tanlov yoʼnalishlari quyidagilardan iborat:                                                                                                                                                                                                                                                     

1. Ilm-fan, taʼlim va sogʼliqni saqlash;

2. Madaniyat va sanʼat;

3. Media;

4. Sport va turizm;

5. Davlat xizmatlarini rivojlantirish;

6. Qurilish, arxitektura va transport;

7. Tadbirkorlik va bandlik;

8. Qishloq xoʼjaligi, irrigatsiya va agrotexnologiyalar;

9. Аxborot texnologiyalari va innovatsiyalar;

10. Ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya manbaalari va kimyo texnologiyalari.

Tanlovda qatnashish tartibi: 

Loyiha uch bosqichda oʼtkaziladi: saralash, hududiy (yarimfinal) va respublika (final). Hududiy bosqichga (yarimfinal) har bir hududdan 100tagacha loyiha saralab olinadi va 1400ta loyihadan eng sara 100tasi gʼoliblar qatoridan joy oladi. 

Shu kunga qadar tanlovda qatnashish uchun jami 2653 ta murojaat kelib tushgan. 

Tanlov qiziqarli voqealarga boy boʼlishi kutilmoqda. Har bir hududda yoshlar uchun 2 kunlik tadbir va motivatsion uchrashuvlar oʼtkazilishi rejalashtirilgan. Respublikaning eng iqtidorli va tashabbuskor yigit qizlarini birlashtiruvchi ushbu loyiha umumiy hisobda 30 000 nafar yoshni qamrab oladi. Bu raqam tanlovning ahamiyati va dolzarbligini tasdiqlab turibdi. 

Eng yaxshi loyihalar moliyaviy qoʼllab-quvvatlanishi kutilmoqda.