Yangilik 08.06.2021 130

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov qator universitetlar professori, doktor Vladimir Kvint bilan Hududlarda innovatsion tizimlarni strategik rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Uchrashuv avvalida I.Abdurahmonov soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar, hususan, Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil etilishi, uning asosiy vazifalari va amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Oʻz navbatida professor Kvint oʻz ilmiy va professional faoliyati, Oʻzbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlari bilan tanishtirib oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekistonda suv taʼminoti va suv xoʻjaligi sohasidagi izlanishlari, bu sohada ishlab chiqilgan konsepsiya va meʼyoriy hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi. 

Shu oʻrinda aytib oʻtish kerakki, Kvint Vladimir Lvovich strategiya umumiy nazariyasi va global shakllanuvchi bozor nazariyalari asoschisi boʻlib, u Rossiya va bir necha mamlakatlarda turli sohalardagi strategiyalarni ishlab chiqish va tadbiq qilish boʻyicha jarayonlarga ilmiy rahbarlik qilgan. Vena iqtisodiyot universiteti, Fordem, Nyu-York, Amerika va Lassal universitetlari professori. 1990-yillarda BMT Bosh Assambleyasi prezidenti maslahatchisi boʻlgan. Bugungi kunda Rossiyaning bir necha universitetlari fahriy professori, Bretton-Vuds qoʻmitasi, Jahon sanʼat va fan akademiyasi va Rossiya fanlar akademiyasi aʼzosi. 50 dan ortiq kitob muallifi hisoblanib, ular dunyoning 21 dan ortiq tillariga tarjima qilingan. 

Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekistonda innovatsion ekotizimni takomillashtirish, inson kapitalini rivojlantirish va bu asosida yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha fikr, taklif va mulohazalar almashishdi. Shuningdek, V.Kvint oʻz tajribasidan kelib chiqib, texnologik parklar faoliyatini xalqaro darajada rivojlantirish boʻyicha maslahatlarini berib oʻtdi. 

V.Kvint 2021-yil sentyabr-oktyabr oylarida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda “Hududlarda innovatsion tizimlarni strategik rivojlantirish” mavzusida xalqaro konferensiyani tashkil etib, unga xalqaro miqyosdagi mutaxassislarni jalb qilish taklifini ilgari surdi. Vazirlik vakillari mehmonning ushbu taklifini qoʻllab-quvvatlab, hamkorlikda konferensiyani tashkil etishga roziligini bildirishdi va tadbirga nafaqat xalqaro, balki hududlardagi innovatsion sohada faoliyat yurituvchi mutaxassis va tadbirkorlarni taklif etishlarini maʼlum qilishdi. 

Uchrashuv soʻngida tomonlar kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha keyingi qadamlarni yozishmalar va onlayn uchrashuvlar orqari muxokama qilishga kelishib olishdi. Uchrashuvlar doʻstona ruhda oʻtdi.