Yangilik 09.06.2021 132

O‘zbekiston va Hindiston: Zamonaviy texnologiyalar transferi sohasida hamkorlik

Onlayn uchrashuvda, Milliy Ofisning Texnologiyalar transferini tashkil etishga koʼmaklashish boʼlimi boshligʼi Mansur Omonov, xalqaro ilmiy hamkorlik boʼlimi boshligʼi Shohruh Nazarov hamda O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasining savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Imomjon Salimov, Hindistonlik loyiha menejerlari Kartik Tallam, Gaurav Tejas hamda Hindiston sogʼliqni saqlash vazirining sobiq maslahatchisi doktor Uma Nabiarlar va boshqa masʼullar ishtirok etishdi. 

Xususan, Oʼzbekiston va Hindiston oʼrtasida innovatsiyalar, yangi texnologiyalar transferi, texnologiyalarni tijoratlashtirish kabi masalalar bo‘yicha muhokamalar olib borildi. Dastlab, Texnologiyalar transferini tashkil etishga koʼmaklashish boʼlimi boshligʼi M.Omonov vazirlik va milliy ofis faoliyati bilan hamkorlarni tanishtirib oʼtdi. Hindiston vakillari esa oʼzlarining yangi loyihalarini, yani onlayn telemeditsina platformasini taqdimot qilishdi. Hindistonlik vakillar telemeditsina sohasida qiymati 400.000 АQSH dollar sarmoyali tayyor loyihasi boʼyicha hamkorlikni yoʼlga qoʼyish taklifini bildirdi. Shuningdek, kelgusida startaplarni qoʼllab-quvvatlash, yangi texnologiyalar boʼyicha vebinarlar, mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi va dasturlar sohasida aloqalarni kengaytirishga katta qiziqish bildirishdi. 

Mazkur loyiha, Oʼzbekiston fuqarolariga Oʼzbekiston hududini tark etmagan holda ham mahalliy ham eng kuchli xorijiy mutaxassislarning kerakli maslahatlarini olish imkoniyatini berishi va bu bemorlarning vaqti, mablagʼlarini tejashga imkon berishi aytib oʼtildi. Hozirda, Hindistonda ushbu platformadan asosan xususiy sektorda keng foydalaniladi. Bundan tashqari, Ispaniya, Meksika, Singapur va Nepal kabi davlatlarda ham ushbu platforma joriy etilib, hamkorlik yoʼlga qoʼyilganligi taʼkidlab oʼtildi. 

Uchrashuv yakunida, Oʼzbekiston va Hindiston oʼrtasida yangi texnologiyalar transferini rivojlantirish hamda mazkur telemeditsina loyihasi boʼyicha tegishli mutaxassis va ekspertlar bilan oʼrganib chiqqan holda uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi. Hindiston vakillari ushbu yoʼnalishlarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʼyicha Oʼzbekistonga ham tashrif buyurish niyatida ekanliklarini maʼlum qilishdi.