Yangilik 08.09.2021 591

Stajyor-tadqiqotchilar, tayanch doktorantlar va doktorantlarning oʻzgargan miqdordagi stipendiyalarini toʻlash bilan bogʻliq toʻsiqlar olib tashlandi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-avgustdagi 545-son qarori 3-ilovasi bilan Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy xodimlar mehnatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 18-avgustdagi 233-son qarori ilovasi “Davlat byudjet mablagʻlari hisobiga davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari” tasdiqlandi. 

Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari qabul qilinishi munosabati bilan bazaviy lavozim maoshlari oʻzgargan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qoʻshma qarori ishlab chiqishlari bekor qilinib, bazaviy lavozim maoshlari oʻzgarganda toʻgʻridan-toʻgʻri “Davlat byudjet mablagʻlari hisobiga davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari” oʻzgarishi belgilandi. 

Bu bilan, stajyor-tadqiqotchilar, tayanch doktorantlar va doktorantlarning oʻzgargan miqdordagi stipendiyalari hamda ularning ilmiy rahbar/konsultantlariga mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq toʻsiqlar olib tashlandi. 

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish kiritildi. 

Xususan: 

«Fan doktori bir vaqtning oʻzida toʻrttadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilarga ilmiy rahbar va konsultant boʻlishi mumkin. Soʻnggi uch yilda izlanuvchilari oʻz vaqtida himoya qilgan ilmiy rahbar va ilmiy konsultantlarga ilmiy yoki taʼlim tashkilotlarining kollegial organi xulosasi asosida oltitadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilar biriktirilishi mumkin. 

Ilmiy unvoni boʻlgan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) bir vaqtning oʻzida ikkitadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilishi mumkin. Soʻnggi uch yilda izlanuvchilari oʻz vaqtida himoya qilgan ilmiy rahbarlarga taʼlim yoki ilmiy tashkilotning kollegial organi xulosasi asosida uchtadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilar biriktirilishi mumkin. 

Xorijiy fuqarolarga yoki fuqaroligi boʻlmagan izlanuvchilarga oʻrnatilgan meʼyordan ortiq ilmiy rahbar yoki konsultantlar tayinlanishi mumkin.» 

Mazkur qarorning avvalgi tahririda fan doktorlariga bir vaqtning oʻzida uchtadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilarga ilmiy rahbar va konsultant qilishlari, ilmiy unvoni boʻlgan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy rahbarlik yoki ilmiy konsultant faoliyati samaradorligi tahlili asosida Kollegial organ tavsiyasiga koʻra bir vaqtning oʻzida faqat ikki nafar tayanch doktorantga va mustaqil izlanuvchiga ilmiy rahbar etib biriktirilishi mumkin edi. 

Davlat byudjetidan ilmiy va taʼlim tashkilotlari akkreditatsiyadan oʻtgan ixtisosliklar boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga asosan taqsimlangan qabul kvotalaridan ortib qolgan oʻrinlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi. 

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga kirish imtihonlari va suhbat jarayonlarini video kuzatuv ostida (onlayn translyatsiya) oʻtkazish choralari koʻriladi. 

Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari boʻyicha topshiriladigan birinchi fan (mutaxassislik yoki chet tili) umumiy balining 50 foizidan kam ball toʻplagan talabgorlar keyingi bosqichga oʻtkazilmaydi. 

Bu bilan kirish imtihonlari va suhbat jarayonlari shaffofligi taʼminlanishi, shuningdek, salohiyatli talabgorlar saralanishi belgilanmoqda.