Yangilik 17.09.2021 532

Olima ayollarning nufuzli ilmiy jurnallarda maqola yozish koʻnikmalarini oshirish uchun yana bir imkoniyat

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va ERGO Analytics tadqiqot kompaniyasi, Coca Cola Uzbekistan kompaniyasining bosh homiyligi ostida, ayol olimlar uchun Scopus va Web of Science xalqaro taqriz qilinuvchi jurnallariga ingliz tilida ilmiy maqolalar yozish koʻnikmalarini oshirish boʻyicha HIVE (Highly Innovative Virtual Education) bepul treninglarini yoʻlga qoʻydi. 

Ushbu tashabbus BMTTDning “Xotin-qizlarning davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tashkil etilgan, ilm-fanda gender tengligiga erishishga qaratilgantaʼlimiy loyihaning davomi sanaladi. Zero, YUNESKO maʼruzsiga koʻra, dunyoda olimlarning 33 foizigina ayollar sanaladi. 

Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov “HIVE kabi tashabbuslarni joriy qilish ilm-fandagi ayollar salohiyatini oshirish imkonini beradi, shuningdek global innovatsion reytinglarda Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotini ilgarilatishga xizmat qiladi”, – deb taʼkidladi.HIVE loyihasi doirasida birinchi vebinarlarni Konnektikut universiteti, Moskva Oliy iqtisodiyot maktabi va Prinston universiteti olimlari ochadilar. HIVE loyihasining 2021-yildagi birinchi natijalari ishtirokchilarning oʻz ilmiy maqolalarini North American Journal of Psychology, Energies, International Sociology, International journal of energy economics and policy, Tourism Review International va boshqa bir qator xorijiy ilmiy jurnallarda chop etishlari boʻldi. HIVE loyihasining qator ishtirokchilari Yevropa mamlakatlarida xalqaro ilmiy konferensiyalarda qatnashishga takliflar oldilar. 

Loyiha rahbari Raufxon Salaxoʻjayev – Scopus va Web of Science bazasidagi eng yetakchi jurnallarda chop etilgan 40 dan ziyod maqolalar muallifi, TDIU va AKFA universiteti professori. Elsevier (Niderlandiya) kompaniyasidan “Koʻp iqtibos olinuvchi olim” mukofotining koʻp bora sovrindori va ilm-fanga qoʻshgan hissasi uchun “Shuhrat” medali sohibidir.TDIU rektori, professor Qoʻngʻirotboy Sharipov HIVE kabi tashabbuslarning ahamiyatini yuqori baholadi, zero OTM oʻqituvchilarining ilmiy tadqiqotlarni ilgarilatish koʻnikmalarini oshirish taʼlim tizimining akademik salohiyatini sezilarli kuchaytirish va OTMlarning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish imkonini beradi.Xotin-qizlarni, ularning professional rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash Coca-Colaning butun dunyodagi ijtimoiy dasturlarining asosiy ustuvorliklari qatorida boʻlib kelgan,- qayd etdi Oʻzbekistondagi The Coca-Cola Company jamoatchilik bilan ishlash va kommunikatsiyalar menejeri Nozi Orifjonova. – Xotin-qizlar, ayniqsa ilmiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi ayollar rivojiga hissa qoʻshish – bu mahaliy hamjamiyatlar rivojlanishiga koʻmaklashishning eng barqaror yondashuvidir. Biz ushbu loyihani qoʻllab-quvvatlaganimizning sababi – ilm-fanni rivojlantirish uzoq muddatli global trend boʻlib, HIVE, ayollarni qoʻllab-quvvatlashdan tashqari, Oʻzbekistonning xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiyasiga ham xizmat qiladi. 

Loyiha ishtirokchilaridan biri, TDIU katta oʻqituvchisi Feruza Asqarova shunday deydi: “Ushbu tashabbusda ishtirok etish menga ilmiy tadqiqotlar oʻtkazishdagi oʻz koʻnikmalarimni mustahkamlash imkonini berdi. Natijada men oʻz ilmiy maqolamni qayta koʻrib chiqib, xalqaro konferensiyada qatnashish uchun yubora oldim”.HIVE dasturida qatnashish uchun loyiha saytida oʻz arizangizni roʻyxatdan oʻtkazishingiz kerak boʻladi: http://hive.courses/