Yangilik 15.09.2021 287

Innovatsion rivojlanish vaziri “TCI Global Conference 2021»da maʼruza qildi

Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasida 2021 yil 15-17-sentyabr kunlari boʻlib oʻtgan XXIV “TCI Global Conference 2021» tadbirida ishtirok etdi. 

TCI Global Conference 2021 birinchi bor Rossiya Federatsiyasida oʻtkazilib, tadbirning asosiy mavzusi “Hamkorlikda barqaror kelajakni qurish” hisoblanadi. Konferensiyada 200 dan ortiq delegatlar ishtirok etdi. Konferensiyada Tatariston Respublikasi Prezidenti R. Minnixanov, Jahon iqtisodiy forumi ijrochi direktori B. Brende, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Raqamli va texnologik rivojlanish boʻyicha maxsus vakili D. Peskov, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, shaharlar rahbarlari, “Gazprombank”, “SIBUR Xolding”, “TATNeft” kabi kompaniyalar rahbariyati, tadqiqotchilar, olimlar va turli soha ekspertlari qatnashdilar. 

Konferensiya davomida hududlarni barqaror rivojlantirish, global muammolarga mahalliy yechimlar, globallashuv davrida klasterlar transformatsiyasini amalga oshirish, kelajak shaharlari kabi mavzular muhokama qilindi va yetakchi ekspertlar tomonidan sohadagi zamonaviy yechimlar va ushbu yechimlarning globallashuv imkoniyatlari ochib berildi. 

Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov tadbirning I sessiyasida maʼruza bilan chiqish qilib, qatnashchilarni barqaror rivojlanishda innovatsiyalarning roli, hamda Oʻzbekistonda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilgan tub burilishlar va kelajakdagi 10 yillik uchun innovatsion rivojlanish rejalari bilan tanishtirdi. Shu bilan birga, tadbir doirasida global va mahalliy ekologik muammo va ofatlarni bartaraf etishda xalqaro hamjihatlik va birgalikdagi harakatlarning oʻrni toʻgʻrisidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi. Xususan, Orolboʻyi hududidagi muammolarni yechishda dunyo hamjamiyati bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot berildi.